ShHT — do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi

02.08.2022, 12:21

ShHT — do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi

Shanxay hamkorlik tashkiloti unga a’zo davlatlar manfaatlarini o‘ylab harakat qiladi. Eng asosiysi, ShHTga a’zo davlatlar mintaqada tinchlikni saqlash, o‘zaro savdo va logistika munosabatlarini rivojlantirish, tovar ayirboshlash, eksport-import va xalqlarimizning madaniy-ma’rifiy hamda do‘stlik aloqalarini  yuksaltirishga intilayotgani xalqimizni juda mamnun etmoqda.

Yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida O’zbekiston tomonidan taklif etilgan uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirish majmuaviy rejasi, o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish va samarali transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha hamkorlik konsepsiyasi, Ishbilarmon doiralar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish dasturlari ko‘rib chiqildi. Bu hujjatlar  2022 yil 15-16 sentabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan sammitda ma’qullanishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari ShHT mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlarini qabul qilar ekan, bugun dunyo oqibatlarini prognozlashtirish qiyin bo‘lgan, oldindan aytib bo‘lmaydigan tub transformatsiya jarayonlarini boshidan kechirayotganini ta’kidladi. O’zbekiston yetakchisi an’anaviy kooperatsiya va logistika zanjirlari buzilayotgani, jahon mamlakatlarining aksariyatida oziq-ovqat va energetika xavfsizligi sohasidagi vaziyat keskinlashib, inflyatsiya ko‘rsatkichlari shiddat bilan o‘sayotgani, ijtimoiy-iqtisodiy ahvol yomonlashib borayotganini ko‘rsatib o‘tdi. Bunday murakkab sharoitda xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga tahdid solayotgan zamonaviy xatarlarga mos ravishda chora ko‘rish uchun sa’y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish va ko‘p tomonlama asosda yaqindan hamkorlik qilishga ehtiyoj kuchayib borayotganini ham alohida ta’kidladi.

Demak, bundan ko‘rinib turibdiki, ShHT tomonidan mintaqani siyosiy, iqtisodiy va ilmiy-intellektual salohiyatiga ko‘ra yanada rivojlantirish uchun hali ko‘p ishlar qilishga to‘g‘ri keladi. Binobarin, Tashkilot mamlakatlari hissasiga jahon YaIMning qariyb chorak qismi va sayyoramiz aholisining yarmi to‘g‘ri kelayotgani ham uning salohiyatini belgilab turibdi.

Shunday ekan, mintaqa ichidagi savdoni, sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish, transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha konsepsiya va dasturlar ishlab chiqish, “Yashil” iqtisodiyot, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, logistika, qishloq xo‘jaligi, tibbiyot va boshqa sohalardagi qo‘shma loyiha tayyorlash bugungi globallashuv davrida juda muhimdir.

So‘zimni yakunida shuni alohida e’tirof etmoqchimanki, Shanxay hamkorlik tashkiloti bu – o‘z xalqi, mamlakati ravnaqi yo‘lida harakat qilayotgan davlatlarning o‘zaro do‘stlik va qardoshlik uyushmasidir. Shunday ekan, mamlakatimizni bu tashkilot bilan aloqalarini biz qo‘llab-quvvatlaymiz. Zotan, yurt istiqboli va kelajagi yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlar bilan chambarchas bog‘liq.

Dilbar USMONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar

qo‘mitasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    492
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+