Xazorasplik tomorqachi Rustam ota tajribasi ommalashtiriladigan bo‘ldi

05.08.2022, 15:56

Xazorasplik tomorqachi Rustam ota tajribasi ommalashtiriladigan bo‘ldi

Aholi turmush sharoitini yaxshilash, doimiy va qo‘shimcha daromad manbaiga ega qilish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida hududlarda «Bir mahalla – bir mahsulot» tamoyili asosida aniq manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Xazorasp tumani “Gulshan” mahallasi aholisi ham o‘z tomorqalarida mo‘jazgina issiqxonalar tashkil etib, bir qarich yerni ham bo‘sh qoldirmasdan dehqonchilik bilan shug‘illanib kelishmoqda. Mazkur mahallada yashovchi Rustam ota Xajiyev mamlakatimizda tomorqachilik va issiqxonachilikni rivojlantirishga qaratilgan e’tibor  va imkoniyatlardan foydalanib bundan 5 yil oldin o‘zining 7 sotixlik uy tomorqasida mo‘jazgina issiqxona tashkil qildi, limon yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi. Hozirda bu yerda 100 tup limon ko‘chatidan yiliga 4 tonna hosil olinmoqda.

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi raisi Aktam Xaitov Xorazmdagi uchrashuvlari davomida mazkur xonadonda bo‘lib, mahalla faollari, tomorqachilar va tuman mas’ullari ishtirokida amaliy seminar o‘tkazdi.

Seminar davomida «Bir mahalla – bir mahsulot» tamoyili asosida Rustam ota tajribasini ommalashtirish va mahalla aholisini limonchilik bilan shug‘illanib daromadlarini yanada oshirish lozimligi e’tirof etildi. Mahalladagi hokim yordamchisi, xotin qizlar faoli va yoshlar yetakchilari bilan hamkorlikda mahalla aholisining ishsiz qatlamini va uy tomorqasi imkoniyatlarini hisobga olib, 400 ta xonadonda limonchilik issiqxonalarini tashkil etish bo‘yicha kerakli vazifalarni belgilab oldilar.

Rustam ota faqat limonchilik bilan cheklanib qolmaganlar. Tinib tinchimas dehqonimiz 55 bosh qoramol va 100 boshga yaqin kurkalarni ham parvarishlab, chorvachilik va parrandachilik borasida ham ichki bozorni sifatli go‘sht mahsulotlari bilan ta’minlab kelmoqda.

Partiya yetakchisi A.Xaitov bu yo‘nalishlarda ham otaning tajribasidan keng foydalanish, mahalladagi yoshlarni mazkur sohalarga qiziqtirish, sir-asrorlarini o‘rgatish zarurligini ta’kidladi. O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi jamg‘armasi hisobidan Rustam otaga nasldor “qora shaxzoda” nomli tovuqlar va ularni ko‘paytirish bo‘yicha inkubatsiya tashkil qilib beriladigan bo‘ldi. Mahalla faollari bilan parrandachilikka qiziquvchi mahalla aholisini mazkur zotdor tovuqlarni yetishtirishga ixtisoslashtirish bo‘yicha kelishib olindi. Ta’kidlash joiz, ushbu naslli tovuqlar 7-8 oyda yetilib, 4-6 kilogramgacha tosh bosishini inobatga olinsa, bu aholi daromadlarining oshishiga va bandligining ta’minlanishiga xizmat qilishi aniq. 

Nasiba Vaisova,

O‘zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi

jamoatchilik bilan aloqalar va mafkuraviy

targ‘ibot bo‘limi mudiri

  • Ko'rildi
    464
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+