Davlat xizmatchisi tajriba va salohiyatga qarab tanlanadi

05.08.2022, 18:19

Davlat xizmatchisi tajriba va salohiyatga qarab tanlanadi

Davlat rahbarining tashabbusi bilan joriy etilgan mahallabay ishlash tizimi davlat xizmatchilarini xalq orasiga ancha yaqinroq kirib borishiga sababchi bo‘ldi. Birgina hokim yordamchilarini olaylik, ular kerak bo‘lsa, har bir xonadon bilan induvidual tarzda ishlamoqda. Tizimga kiritilgan yangicha yondashuv yaxshi, biroq shu taxlit to‘xtab ham qolmasligi uchun uni yanada rivojlantirish talab etiladi.

4 avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ayni shu ishlarning mantiqiy davomi haqida so‘z bordi. Bunda markaziy idoralarni transformatsiya qilish orqali fuqarolarga xizmat qiladigan ixcham va samarali boshqaruv tizimini yaratishga urg‘u berildi.

Hozirgi kunda bu sohada 118 ming kishi mehnat qilayapti. Lekin, natijadorlik bo‘yicha aytganda, hali davlat xizmati xalqni rozi qiladigan tizimga aylangani yo‘q. Misol uchun, o‘tgan yili Xalq qabulxonalariga vazirlik va hokimliklar xodimlarining bilimsizligi va mas’uliyatsizligi haqida 25 mingta, ularning muloqot madaniyati yetishmasligi bilan bog‘liq 7 mingta shikoyat kelib tushgan. Yig‘ilishda shular xususida mulohaza yuritilar ekan, aynan rahbarlarni tanlash, tayyorlash va motivatsiya berish yo‘lga qo‘yilmagani ijrodagi oqsoqliklarning asosiy sabablaridan biri ekanligi ta’kidlandi. Shu bois mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, ikki yil davomida, chuqur muhokamalar asosida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun tayyorlandi.

Yig‘ilishda ushbu qonunda nazarda tutilayotgan talablardan kelib chiqib, davlat idoralari oldida turgan ustuvor vazifalar ko‘rsatib o‘tildi. Unga ko‘ra, avvalo, davlat idoralariga ishga qabul qilishning ochiq-oshkora tizimi joriy etiladi va yil yakunigacha barcha vakant lavozimlar ochiq yagona elektron platformaga joylashtiriladi. Bo‘sh lavozimga tanlovda ishtirok etish uchun hozirgi kunda talab etilayotgan 16 ta hujjat so‘ralmaydi, barcha jarayonlar elektron shaklga o‘tkaziladi. Nomzodning bilimi, tajribasi va salohiyati ochiq tanlov orqali aniqlanadi.

Ayniqsa, bundan keyin har bir vazirlik va hokimlik kadrlar tanlashni oliy o‘quv yurtlaridan boshlashi yoshlar uchun ayni muddao bo‘ldi. Endi dastur doirasida bitiruvchi kurslarda o‘qiyotgan qobiliyatli talabalar saralanib, vazirlik va hokimlik tizimida stajirovka o‘taydi va o‘qishni tamomlagach, ishga qabul qilinadi. Bunga xorijda o‘qiyotgan yoshlar ham qamrab olinadi.

Tahlillarga ko‘ra, vazirliklar markaziy apparatidagi rahbarlarning 40 foizi tuman pog‘onasini ko‘rmagan, tuman miqyosidagi rahbarlarning 60 foizi esa viloyat yoki respublika idoralarida ishlamagan. Shu bois Prezident davlat idoralarida “mahalladan – respublikagacha” tamoyili asosida kadrlarni o‘stirishga alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun 1 noyabrdan boshlab, eski namunadagi ma’lumotnomadan voz kechilib, xodimning malakasi va erishgan natijalarini ilg‘or texnologiyalar asosida baholaydigan tizimga o‘tiladi.

Tuman va shahar darajasidagi rahbarlik uchun Salohiyatli kadrlar rezervi tuziladi, unga nomzodlar faqat mahallalardagi hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari orasidan tanlab olinadi. Kompetensiyasiga qarab, ular uchun maqsadli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.

Darvoqe, endi yaxshi ishlagan ham, ozroq natijaga erishganlar ham birdek bo‘lmaydi. Kelgusi yildan davlat xizmatchisining tajribasi, malakasi va erishgan natijasiga qarab, rag‘batlantirish tizimi joriy qilinadi. Ularning hayoti va sog‘lig‘i davlat hisobidan sug‘urta qilinadi. O’z vazifalarini halol va pok bajarayotgan davlat xizmatchilari uchun keksalikni munosib o‘tkazish kafolatlari yaratiladi.

Ha, mehnat qilgan, o‘z ustida ishlagan kishi mehnatiga munosib ravishda taqdirlanadi. Rahbarlikka hech kim o‘z-o‘zidan yoki tanish-bilishi orqali emas, balki haqiqiy salohiyati, bilimi va egallagan tajribasi, erishgan yutug‘iga qarab keladi. Shunday qilinsa, jamiyatning adolatlilik prinsipi ham o‘z o‘rnida ta’minlangan bo‘ladi.

Faxriddin Samatov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi

 

  • Ko'rildi
    562
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+