O’zLiDeP vakillari Andijon tumanidagi “ALSAEDA” monomarkazi faoliyatini o‘rgandi

08.08.2022, 17:13

O’zLiDeP vakillari Andijon tumanidagi “ALSAEDA” monomarkazi faoliyatini o‘rgandi

O’zLiDeP Andijon viloyat Kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Xurshidaxon Xalilova Andijon tumanidagi “ALSAEDA” monomarkazida bugungi kunda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Mamlakatimizda mehnat bozorining samarali mexanizmlarini joriy qilish, kambag‘al va ishsiz fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, shu asosda ularni doimiy daromad keltiradigan mehnat va tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish orqali bandligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 11 avgustdagi “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida Andijon tumanida “ALSAEDA” monomarkazi ochilgan. Hozirgi kunda markazga Dilafruz G’ulomova rahbarlik qilib kelmoqda.

Mazkur markazda ishsiz, band bo‘lmagan aholini 6 ta yo‘nalish bo‘yicha 10 ta kasb-hunarga va 1 ta xorijiy tillarda o‘qitish tashkil qilingan.

Faoliyatini boshlaganiga ko‘p bo‘lmagan monomarkazda shu kunga qadar pazandachilik, uy hamshiraligi, rus va ingliz tillari, kompyuter dizayni dasturlari, sartaroshlik va sun’iy gullar yasash yo‘nalishlari bo‘yicha 1112 nafar tinglovchi jalb qilingan bo‘lsa, shundan 700 nafari bitirib sertifikatni qo‘lga kiritdilar. Bularning 114 nafari imtiyozli kredit olib o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ydi. Shuningdek, 86 nafari xotin-qizlar tadbirkorlik qilish maqsadida kredit olib faoliyat boshlash istagida, 412 nafar tinglovchilar o‘qishni davom ettirmoqda. Bundan tashqari markazda nafaqat kasb-hunarga o‘qitish, balki og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga markaz menedjeri Gavxaroy Xasanova tomonidan psixologik darslar muntazam o‘tkizib kelinmoqda. 

Xalq vakili markazda tinglovchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishar ekan, mahallalardagi hokim yordamchilari uchun monomarkazga ekskursiya tashkil etish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, hokim yordamchilari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari bilan birgalikda ishlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham takliflar bildirib o‘tildi.

Uchrashuv davomida O’zLiDeP Andijon viloyat Kengashi “ALSAEDA” monomarkazi bilan hamkorlikda davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilinayotgan qaror va farmonlarning mazmun-mohiyatini tinglovchilarga kengroq tushuntirish maqsadida Memorandum tuzishga kelishib olindi.

  • Ko'rildi
    340
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+