Bo‘stonliqda mustaqillik bayrami munosabati bilan yoshlar uchrashuvi o‘tkazildi

08.08.2022, 17:14

Bo‘stonliqda mustaqillik bayrami munosabati bilan yoshlar uchrashuvi o‘tkazildi

Kun sayin yangilanib borayotgan jonajon O’zbekistonimiz bu yil o‘z davlat Mustaqilligining 31 yillik bayramini nishonlaydi. Bu yilgi bayram shodiyonalari “Yangi O’zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida o‘tadi. Asrlar osha erk va ozodlik uchun kurashib, o‘z milliy g‘ururini saqlab qolgan xalqimiz bugun mustaqillik bayramini o‘zgacha ruhda qarshilamoqda.

O’zLiDeP Bo‘stonliq tuman Kengashi hamda mahalliy Kengashdagi partiya deputatlik guruhi tashabbusi bilan “Xo‘jakent” pansionatida o‘tkazilgan yoshlar uchrashuvi ham Yangi O’zbekistonimizning mustaqillik bayramini keng nishonlash maqsadida tashkil etildi.

“Nurli istiqbol poydevori” mavzusidagi uchrashuvda partiya tuman Kengashi mas’ullari, mahalliy Kengashdagi partiya deputatlik guruhi a’zolari, yoshlar va partiya faollari  ishtirok etishdi.

Deputatlar, Yoshlar parlamenti a’zolari va iqtidorli yoshlar bilan o‘zaro muloqot ruhida o‘tgan uchrashuvda so‘z olgan partiya tuman Kengashi  apparati rahbari Mahkam Fattohov yurtimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning yoshlar hayotida tutgan o‘rni, yoshlarning o‘zlarini namoyon etishlari, munosib kasb egalari bo‘lib yetishishlarida yaratib berilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida o‘z fikrlarini bayon etdi.

Yangi O’zbekistonda xalqni rozi qilish yo‘lida amalga oshirilayotgan barcha tadbirlarda mamlakat yoshlarining o‘rni beqiyos ahamiyat kasb etishiga alohida e’tibor qaratdi.

O’qib-o‘rganib, kasb-hunar egallab, yetuk mutaxassis bo‘lib yetishib, mustaqillikni mustahkamlash yo‘lida o‘z xissalarini qo‘shishga chorladi.

Uchrashuvda yoshlar deputatlarga o‘zlarini ta’lim, ish bilan bandlik, tadbirkorlik faoliyatini boshlash borasidagi murojaatlari bilan yuzlanishdi. O’zlarining g‘oyalari, tashabbuslari bilan o‘rtoqlashishdi.

Tadbir yakunida iqtidorli yoshlarning bir guruhi deputatlar, tuman hokimi o‘rinbosari M. Nurmetov, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi rahbari O.Shokirjonovalar tomonidan partiyaning esdalik sovg‘alari, faxriy yorliqlari bilan taqdirlanishdi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    365
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+