Deputatlar "Obod mahalla"davlat dasturi ijrosini o‘rgandi
08.08.2022, 17:20

“Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da mahallalarni rivojlantirish va aholi turmush farovonligini yanada yaxshilashga ko‘maklashish maqsadida O`zLiDePdan xalq deputatlari viloyat va Buxoro shahar Kengashlari deputatligiga saylangan Halimjon Safarov partiya Buxoro shahar Kengashi mas’ullari bilan birgalikda Buxoro shahridagi “Obod mahalla” davlat dasturiga kiritilgan “Fayzulla Xo‘jayev” MFY hududida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Deputat H.Safarov mahalladagi hokim yordamchisi, xotin-kizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda mahallasi uchastka noziri bilan suhbatlashib, ularning ish faoliyati bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi. Tegishli tavsiya va maslahatlarini berdi.
Mahalla faollari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ularni qiynayotgan bir qator muammolar bo‘yicha batafsil fikr almashildi. Ushbu MFY hududidagi 85-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini mukammal ta’mirlash, 8-son oilaviy poliklinika hamda mahalla binolarini rekonstruksiya qilish, ularning kommunikatsiya tizimini talab darajasiga keltirish, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlarni bartaraf etish kabi bir qator vazifalar belgilangan bo‘lib, bu o‘z navbatida tegishli mutasaddi tashkilotlardan ham mas’uliyat bilan faoliyat olib borishni taqozo etadi. Mahalla hududi katta bo‘lishiga qaramasdan bu yerda atigi 1 ta 3-sonli umumta’lim maktabi faoliyat olib bormoqda. Aholi istiqomat joylaridan ushbu maktabning uzoqda joylashganligi o‘quvchi-yoshlar uchun qiyinchilik tug‘dirmoqda. Shu bois mahallada yana 1 ta bilim dargohi barpo etish talab etiladi. Deputat H.Safarov shu haqda so‘z yuritar ekan, mahalladoshlariga ushbu masala bo‘yicha tegishli tashkilotlarga murojaat etib, mavjud muammolarni ijobiy hal etish yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so‘rovi orqali murojaat etishini ma’lum qildi.
Mazkur mahalla “Obod mahalla” Davlat dasturiga kiritilganligi bois shu kunga qadar bu yerda 3,2 km uzunlikdagi gaz tarmoqlarini qurish va ta’mirlash bo‘yicha, 11 ta gaz tarqatish punktlarini barpo etish va ularda ta’mirlash yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilgan. 4,5 km uzunlikdagi optik tolali aloqa liniyalari qurib bitkazilgan. Aloqa liniyalarini tartibga keltirish ishlari amalga oshirilib, yo‘llarda 1,5 km beton hamda 1,3 km asfalt qoplamasi yotqizilgan.
Mahalla ahli bilan o‘tkazilgan yuzma-yuz muloqot chog‘ida Prezidentimizning “O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz bir yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida” gi qarorida belgilab berilgan vazifalar hamda Buxoro shahri va ushbu mahalla miqiyosida o‘tkaziladigan bayramona tadbirlar va targ‘ibot-tashviqot ishlari bo‘yicha ham o‘z fikrlarini bayon etdi.
O'xshash yangiliklar
-
Befarq, bee’tibor bo‘lmaylik
24.03.2023, 12:00
-
Quyi bo‘g‘in vakillari mahalliy kengash deputatlari bilan hamkorlikda aholi murojaatlarini hal qilayapti
13.03.2023, 14:40
-
Deputat talabalarning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladi
09.03.2023, 18:28
-
Deputat tashabbusi bilan notekis yo‘llar tekislanmoqda
09.03.2023, 18:17
-
Xotin-qizlarga deputatlarning bayram sovg‘alari ulashildi
07.03.2023, 17:58
Fikringizni qoldiring