Davlat organlarida fuqarolik xizmatini o‘tash tartibi, davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi belgilandi

09.08.2022, 15:36

Davlat organlarida fuqarolik xizmatini o‘tash tartibi, davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi belgilandi

Oxirgi besh yillikda Prezidentimizning xalqchil siyosati tufayli davlat xizmatchilari aholiga ancha yaqinlashdi. Xalqni eshitish, mablag‘larni odamlar talabiga qarab yo‘naltirish, “mahallabay” ishlash tizimlari yo‘lga qo‘yildi. Xodimlarga samarali faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratildi.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida “navbatdagi muhim vazifa – markaziy idoralarni transformatsiya qilish orqali fuqarolarga xizmat qiladigan ixcham va samarali boshqaruv tizimini yaratish” ekanini ta’kidlagan edi.

Hozirgi kunda bu sohada 118 ming kishi mehnat qilayapti. Lekin, natijadorlik bo‘yicha aytganda, hali davlat xizmati xalqni rozi qiladigan tizimga aylangani yo‘q. Qobiliyatni aniqlash, o‘qitish, ishni yaxshilashga o‘rgatadigan yaxlit tizim bo‘lmagani uchun ayrim mutasaddilar vazifalarini eplay olmayapti. Umuman, rahbarlarni tanlash, tayyorlash va motivatsiya berish yo‘lga qo‘yilmagani ijrodagi oqsoqliklarning asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Shu bois mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb qilib, ikki yil davomida, chuqur muhokamalar asosida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun tayyorlandi. Bu haqda davlatimiz rahbari 4 avgust kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishda ham alohida ta’kidlab o‘tdi.

Kecha Prezidentimiz mazkur Qonunga imzo chekdilar. Endilikda mazkur Qonun bilan davlat organlarida fuqarolik xizmatini o‘tash tartibi, ushbu sohadagi davlat boshqaruvi, davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi belgilandi.

Davlat fuqarolik xizmatini o‘tashda mazkur Qonun bilan tartibga solinmagan munosabatlarga Mehnat kodeksi qo‘llaniladi. Davlat xizmatchisi o‘z rahbarining noqonuniy topshiriq va talablarini bajarishdan bosh tortish, korrupsiya haqida xabar berganda davlat himoyasida bo‘lish huquqiga ega.

Davlat xizmatchisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, ularning muassisi bo‘lishi, O’zbekistondan tashqarida hisobvaraqlar ochishi, chet elda ko‘chmas mulk olishi taqiqlanmoqda. Davlat xizmachisi daromadlari va mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya berishi kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari Prezident tomonidan tasdiqlanadigan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining reyestri Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan yuritiladi. Davlat xizmatiga davlat tilini biladigan, tegishli malaka talablariga javob beradigan O’zbekiston fuqarolari qabul qilinadi.

Davlat xizmatchilari uchun 5 kunlik ish haftasi va haftasiga 40 soatdan oshmaydigan ish davomiyligi belgilanmoqda. Shuningdek, davlat xizmatchilariga hayfsan, jarima, ishdan bo‘shatish bilan bir qatorda malaka darajasini pasaytirish va lavozimini pasaytirish tarzidagi intizomiy jazolar ham qo‘llanilmoqda.

Umuman olganda ushbu Qonunning kuchga kirishi bugun davlat xizmatlarida shaffoflik ta’minlanadi, korrupsiya xolatlariga chek qo‘yiladi, har bir tashkilotning kadrlar tanlashda mas’uliyati yanada oshadi.

Mavluda IBRAGIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    611
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+