Ishbilarmon ayollarni birlashtirgan tanlov Surxondaryodan boshlandi

09.08.2022, 16:42

Ishbilarmon ayollarni birlashtirgan tanlov Surxondaryodan boshlandi

Mana 7 yildirki "Ishbilarmon ayol" ko‘rik tanlovi O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan o‘tkazib kelinadi. Bu vaqt oralig‘ida 80 mingga yaqin ishbilarmon ayollarni qamrab olgan tanlov bu yil boshqacha formatda tashkil etilmoqda. O’tgan yillardan farqli o‘laroq bu yilgi ko‘rik-tanlov “Yangi O’zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida o‘tkazilmoqda va unda har bir viloyatda g‘oliblikni qo‘lga kiritganlar tanlovning respublika bo‘yicha ham g‘oliblari deb e’lon qilinadi.

Bugun mazkur tanlovning dastlabki bosqichi Surxondaryo viloyatida tashkil etildi. Unda Termiz shahri va viloyatdagi 14 ta tumandan g‘olib deb topilgan tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarimiz ishtirok etishdi. Termiz shahridagi Savdo-sanoat palatasi hududiy bo‘limi binosida o‘tkazilgan tanlovda ishtirokchilar o‘zlarining ishlab chiqargan mahsulotlarini namoyish etishdi.

Tanlov g‘oliblarini aniqlash uchun O'zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi raisi Alisher Ro‘ziyev boshchiligidagi hakamlar hay’ati a’zolari ishtirokchilarning ishlarini baholashdi. Baholash jarayonida asosiy e’tibor tadbirkor ayollarning yaratgan ishchi o‘rni, mahsulotlarning sifati va talabgorligi, eksport salohiyatiga qaratildi.

Natijalarga ko‘ra, 1-o‘ringa Sho‘rchi tumani ishtirokchisi "Maftuna Sho‘rchi dizayn" MChJ rahbari Gulsara Tangirova, 2-o‘ringa "Boysun Afruzbek" oilaviy korxonasi rahbari Xadicha Raximberdiyeva, 3-o‘ringa sherobodlik yakka tartibdagi tadbirkor, hunarmand-gilamdo‘z Shoxida Hasanova munosib ko‘rildi. Yana 5 yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.

Tanlovning 1-o‘rin sohibasi "Maftuna Sho‘rchi dizayn" MChJ rahbari Gulsara Tangirova:

- Sho‘rchi tumanidagi "To‘la" mahallasida tikuv seximiz joylashgan bo‘lib, 131 nafar xotin-qizlar mehnat qilishmoqda. Asosan o‘quvchilar uchun maktab formalari, erkaklar va ayollar liboslari, ko‘rpa-yostiqlar va choyshablar tikib, mahalliy bozorga chiqaryapmiz. Qolaversa, shogirdlar ham tayyorlab, xotin-qizlarga tikuvchilik sirlarini o‘rgatyapmiz. Bu yil o‘zgacha shukuhda o‘tgan "Ishbilarmon ayol" ko‘rik tanlovida men ham o‘z taqdimotim bilan ishtirok etdim. Partiya tomonidan biz kabi ayollarni faoliyatiga e’tibor qaratilib, kerak bo‘lsa muammolarimizning yechimiga ham ko‘mak berilayotganidan juda mamnunman. Bu biz kabi tadbirkorlarning safini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Tanlovning 2-o‘rin sohibasi "Boysun Afruzbek" oilaviy korxonasi rahbari Xadicha Raximberdiyeva:

- 26 yildan beri hunarmandchilik bilan shug‘ullanaman. Ipak, jun va paxta tolasidan tayyorlangan janda matosi va olachadan turli milliy liboslar, joynamoz, sumkalar tikaman. Mahsulotlarimga asosan xorijlik sayyohlar   xaridor bo‘lishadi. Bir necha bor respublikamizda o‘tkazilgan turli festivallarda ham ishtirok etib, tashakkurnoma bilan taqdirlandim. Menga o‘xshagan hunarmand ayollarni qo‘llab-quvvatlaydigan O’zLiDeP ning faol a’zosiman. Bugun partiya tomonidan o‘tkazilgan “Ishbilarmon ayol” tanlovida meni g‘oliblar safiga qo‘shishgani juda quvontirdi. Bu rag‘bat kelgusidagi faoliyatmni yanada kengaytirishimga turtki bo‘ldi.

Tanlovning 3-o‘rin sohibasi hunarmand-gilamdo‘z Shohida Hasanova:

- Mazkur ko‘rik tanlovda Sherobod tumanidan yakka tadbirkor sifatida ishtirok etdim. Asosan qo‘y juni va paxta tolasidan qo‘l mehnati asosida gilamlar to‘qiymiz. Ayni paytda tumanimizdagi "Taroqli" mahallasida 35 ta ish o‘rni yaratganman. Avvalo, O'zLiDeP tomonidan biz kabi ishbilarmon ayollarni qo‘llab-quvvatlagan holda bunday tadbirlarning o‘tkazilishi bizga ko‘proq ishtiyoq va motivatsiya beradi.

O'zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    501
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+