Ishchi guruhimiz manfaatdor nodavlat tuzilmalar bilan hamkorlikda faoliyat samaradorligini oshiryapti

12.08.2022, 15:58

Ishchi guruhimiz manfaatdor nodavlat tuzilmalar bilan hamkorlikda faoliyat samaradorligini oshiryapti

Kecha “Poytaxt” biznes markazining zallaridan birida ona tabiatimizni sevuvchi,  havo, suv, tuprog‘imiz toza, beg‘ubor bo‘lishiga intiluvchi, bu boradagi ishlarga muayyan hissa qo‘sha oluvchi bir qancha yurtdoshlarimiz yig‘ildi.  Chunki tadbirda ular uchun mamlakatimizdagi  imkoniyatlar, xususan, moliyaviy rag‘bat, madad  to‘g‘risida  so‘z bordi.

NNTlar, MFYlar,  fermerlar kengashlari, suv iste’molchilari uyushmalari,  ilmiy tuzilmalar, shuningdek,  O’zLiDeP  ishchi guruhi vakillarida Global Ekologik Fondning Kichik Grantlar Dasturi (GEF KGD) milliy koordinatori taqdim etgan ma’lumotlar katta qiziqish uyg‘otdi. Shu o‘rinda qayd etish zarur, Yangi O’zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini joriy yilda amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan ekologiyaga doir vazifalar bajarilishiga ko‘maklashish bo‘yicha O’zLiDeP deputatlari, faollaridan iborat ishchi guruh faoliyat olib boryati. Uning ayrim a’zolari mazkur tadbirda ham qatnashishi  guruh faoliyatini yangicha yondashuvlar asosida davom ettirishga harakat qilayotganidan dalolat.  

Ma’lum qilinganidek, GEF KGD bio xilma-xillik, iqlim o‘zgarishlari, iqlim o‘zgarishlariga moslashish, yerlarning degradatsiyasi, odamlarning ekologik bilimini oshirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ishlangan loyihalarga 50 ming AQSh dollarigacha bo‘lgan miqdorda grantlar ajratadi.  Aniq va qat’iy 6 ta shartga mos keluvchi loyihalargina  ma’qullanadi. Masalan, loyiha yashovchan,   bardavom bo‘lishi zarur. Ajratilgan pullar tugaganidan so‘ng zavolga yuz tutuvchi loyihalar rad etiladi. Yana bir talab shuki, g‘oya, reja amalga oshgach, u ko‘plab odamlarga naf keltirishi kerak.

Muloqotdan so‘ng ishchi guruh a’zolari manfaatdor nodavlat tuzilmalari bilan birgalikda o‘tqazilgan ko‘chatlarni saqlash va parvarishlash, maishiy chiqindilarni saralab yig‘ish, atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha targ‘ibot ishlari  va boshqa yo‘nalishlarga doir jarayonlarni takomillashtirishga qaratilgan loyihalar ishlab chiqib, GEF KGDga yo‘llashga kelishib oldilar.   Xususan, ishchi guruh a’zosi, Yashnobod tuman kengashiga partiyamizdan saylangan V. Adilov Mohinur mahallasida sizot suvlarini doimiy ravishda yuzaga chiqaradigan yer osti nasosi suvini daraxtzor, gulzorlarga tomon oqizish, mahalla  irrigatsiya-sug‘orish tizimini qayta qurish bo‘yicha loyiha ishlab chiqyapti. 

 Behzod Isroilov,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi

Ijroiya qo‘mitasi xodimi, ishchi guruh a’zosi

  • Ko'rildi
    232
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+