Sirdaryolik yoshlarga mustaqillik ne’matlari tushuntirildi

12.08.2022, 16:07

Sirdaryolik yoshlarga mustaqillik ne’matlari tushuntirildi

O’zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashida Mustaqilligimizning 31yilligi munosabati bilan “Yangi O’zbekistonda el aziz, inson aziz”! degan ezgu g‘oya asosida madaniy, ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda viloyat Yoshlar ishlari agentligi va hamkor tashkilotlar ishtirok etdi.

Mustaqilligimiz va istiqlolimiz islohotlari sifatida respublikamizda  yirik ishlab chiqarish korxonalari, ijtimoiy soha ob’ektlari qurilib, foydalanishga topshirilayotgani xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilyapti.

“Mamlakatimizdagi bunyodkorlik, jo‘shqinlikning asosiy sababi, eng avvalo, mustaqillik bergan huquq va erkinlik hamda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan oqilona islohotlar samarasidir, shu jumladan mehnat sohasida ham”, – deydi O'zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi apparat rahbari Shoxista Bozorboyeva.

Mustaqillik ulug‘ ne’nat va buning qadriga albatta yetish kerakligi, yoshlar uchun yaratilgan bugungi kundagi imkoniyat va qulayliklar to‘g‘risida ham so‘z yuritildi.

-O’zingiz bilasiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Hindistonning Chennay shahrida bo‘lib o‘tgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida chempionlikni qo‘lga kiritgan jamoamiz bilan telefon orqali muloqot qilib, ularni ushbu buyuk g‘alaba bilan qizg‘in tabrikladi. Bu yoshi keksa otaxon-u onaxonlarga, yoshlarga, unib kelayotgan yosh avlodga faxr. Tabrikni eshitib, butun O’zbekiston aholisining dili yayradi nazarimda. Ularning kutib olinishi qanday tantana bo‘ldi, sovg‘alarni aytmaysizmi? Mana Prezidentning e’tibori har bir o‘g‘il qizga, yoshlarga. Harakat qilish kerak, mehnatdan qochmasdan, maqsad sari intilish zarur. So‘ngi 5 yilda Yurtimizda qanday o‘zgarishlar bo‘lganini o‘zingiz ijtimoiy tarmoqlarda, televideniyada, gazeta va jurnallarda boxabar bo‘lib turibsiz. Mustaqillikning, tinchlikning qadriga yetmoqlik kerak. Bildirilgan ishonchni Sizlar o‘qib, bilim egallab oqlaysiz, - dedi faxriy Atabek Egamberdiyev.

O’zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyat kengashi rais o‘rinbosari Eldor Otaboyev esa, Prezidentimiz tomonidan yoshlarga berilayotgan keng imkoniyatlar to‘g‘risida so‘zladi.

Bir so‘z bilan aytganda, mustaqilligimizning o‘tgan 31 yilida xalqimiz bosib o‘tgan mashaqqatli va sinovli davrlarda, ayniqsa so‘nggi besh yilda amalga oshirilgan ishlar ko‘lami, erishilgan yutuqlar, ulkan marra va natijalar salmog‘i juda katta. Eng muhimi, xalqimizning dunyoqarashi o‘zgarmoqda, davlat va jamiyatni boshqarish ishlarida faolligi oshmoqda va bu albatta, kelajakda yanada salmoqli natijalarga erishish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini anglatadi.

Tadbir so‘ngida yig‘ilganlarga, istiqlol nashidasi, bayram kayfiyati hech kimni tark etmasligi, xonadonlarga qut-baraka, qalbda quvonch, yuzlardan  tabassum arimasligi aytildi.

  • Ko'rildi
    437
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+