IT-biznes uchun imtiyozlar: Yuqori Chirchiq tumanidagi Astrum IT akademiyasida yosh dasturchilar bilan muloqot o‘tkazildi

12.08.2022, 16:12

IT-biznes uchun imtiyozlar: Yuqori Chirchiq tumanidagi Astrum IT akademiyasida yosh dasturchilar bilan muloqot o‘tkazildi

Bugun yurtimizda jonajon O’zbekistonimizni raqamli rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Natijada, IT-mahsulotlar va xizmatlar eksporti izchil ortib boryapti. Xorijiy investorlar, xususan, xorijiy IT-kompaniyalar uchun ham munosib imkoniyatlar yaratilmoqda. Yaratilayotgan afzalliklar qatorida IT-biznes uchun imtiyozlarni ham qayd etish mumkin.

Partiya viloyat hamda Yuqori Chirchiq tuman Kengashlari tashabbuskorligida o‘tkazilgan navbatdagi uchrashuv ham O’zbekistonni raqamli rivojlantirishda yoshlarni AKT sohasiga keng jalb etishni qo‘llab-quvvatlash, mamlakatda IT-biznesni rivojlantirish maqsadida tashkil etildi..

Noodatiy kechgan uchrashuvda partiya viloyat hamda tuman Kengashi mutasaddilari bu yerda tahsil olayotgan yosh dasturchilar bilan alohida-alohida va guruhlarga bo‘lingan holda suhbat olib borishdi. O’zaro samimiy fikr almashuv tarzida kechgan tadbirda yosh dasturchilarning soha rivojiga doir taklif va mulohazalari tinglandi.

Muloqot chog‘ida yosh dasturchilar so‘nggi yillarda sohaga berilgan e’tibor uchun minnatdorlik bildirisharkan, zamonaviy jihozlangan mashg‘ulot xonalarida yuqori texnologiyalardan foydalanib, ta’lim olishayotgani yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishlariga ulkan turtki bo‘lishini aytishdi.

Tadbir tashkilotchilari bugungi kunda yoshlarni AKT sohasiga keng jalb etishga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidlashdi.

Bugungi kunda O’zbekistonda IT-mutaxassislar soni 50 mingga yetgan bo‘lsa, 2030 yilga borib ularning sonini bir million kishiga yetkazish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani haqida ma’lumot berishdi.

O’zbekistonda ham xususiy IT sektori jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgani borasida to‘xtalisharkan, shuning uchun ham axborot texnologiyalari sohasida malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilayotganiga urg‘u berishdi.

Bozor o‘sishi va farovonlik uchun yetarli ishchi kuchi bilan ta’minlashda IT-ta’lim mutaxassislarni tayyorlash –muhim rol o‘ynashi, shu bois O’zbekiston IT-ta’limga katta kuch sarflayotganini alohida e’tirof etishdi.

Mamlakatimiz IT sektoridagi ishlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha izchil islohotlarda partiyaning ham o‘z salmoqli ulushi borligini qayd etishdi.

Partiya tashkilotlari yosh dasturchilar va ularning IT-bizneslari uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga hozir ekanini bildirishdi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    90
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+