Deputat O’rta chirchiqliklarning muammolarini ijobiy hal etish bilan shug‘ullandi

16.08.2022, 11:09

Deputat O’rta chirchiqliklarning muammolarini ijobiy hal etish bilan shug‘ullandi

Bugun xalqimizni rozi qilish yo‘lida olib borilayotgan ishlarda aholi murojaatlari bilan ishlash, mavjud muammolarni joyida hal etish, ijobiy yechim topish har bir partiya tashkiloti va deputatining birinchi galdagi vazifasiga aylangan.

Partiya O’rta Chirchiq tuman Kengashi tashabbuskorligida o‘tkazilgan navbatdagi deputat va mahalliy aholi vakillarining uchrashuvi ham hududni barqaror rivojlantirishda aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan muammolarni o‘rganish, ularga yechim topish va tizimli bartaraf etish maqsadida tashkil etildi.

Tumandagi “Uchoqli” MFYda joylashgan 38-umumiy o‘rta ta’lim maktabi hovlisida o‘tgan uchrashuvda partiya tuman Kengashi apparat rahbari Karomat Rasulova hamda Xalq deputatlari mahalliy Kengashidagi partiya deputati Dilshodxon Mansurxonovlar mahalliy aholi vakillari bilan uchrashishdi.

Uchrashuvda mahalla faollari tomonidan aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘layotgan qator muammolar o‘rtaga tashlandi. Xususan, qurilishi chala qolgan mahalla fuqarolar yig‘ini binosining hamon o‘zgarishsiz qolayotgani, hududdagi maktab binosining o‘ta ta’mirtalab ekani ortidan ko‘plab o‘quvchi yoshlar uzoq masofalardagi maktablarga o‘qishini ko‘chirib ketib qolayotganini o‘z yechimni kutayotgan dolzarb masala ekanini aytishdi.

Shuningdek, mahalla hududi “Obod mahalla” dasturiga kiritilganiga qaramasdan, hech qanday o‘zgarishlar bo‘lmagani, asosiy ko‘chalar hanuz asfaltlashtirilmagani, toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagani, optik tolali internet qamrab olish darajasi 25 % ga ham yetmasligi, maktab hududida joylashgan elektrostansiya xavfsizlik talablariga mutlaqo javob bermasligini bildirib murojaat qilishdi.

Qishloqda vrachlik punktining yo‘qligi ham aholini qiynab kelayotganini qayd etishdi. Hatto, maktabda ham tibbiy xodim va tibbiyot xonasining yo‘qligini ma’lum qilishdi.

Maktab hududidagi sport maydonchasining yoritish chiroqlari bilan ta’minlanishi, suv yo‘laklarining xavfsiz emasligidan tortib, maktabdan 150 metr naridagi do‘konda spirtli ichimliklar sotilishi, mahalladan respublika, viloyat hamda tuman darajasidagi chempionlar yetishib chiqqaniga qaramasdan, sport to‘garaklarining mavjud emasligi, maktab ham sport jihozlari bilan ta’minlanmaganligi borasidagi o‘z e’tirozlarini bildirishdi.

Bundan tashqari, “TATA SHOES” korxonasi tomonidan chiqindilarni tegishli tartibda utilizatsiya qilinmasdan, yoqish, suvga oqizish holatlari kuzatilayotgani, hududni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan korxonaga hudud aholisining ishga joylasha olmayotgani borasida ham murojaatlar kelib tushdi.

Aholi vakillarining murojaatlarini diqqat bilan tinglagan partiya tuman Kengashi mutasaddilari va deputat ular yuzasidan qonunda belgilangan tartibda huquqiy tushuntirishlar berishdi. Ko‘tarilgan masalalarni alohida nazoratga olib, belgilangan muddatlarda ijobiy hal etishda amaliy yordam berishlarini bildirishdi.

Uchrashuv yakunida deputat hududdagi kam ta’minlangan oilalar tarkibi bilan ham qiziqdi. Ushbu oilalarda yashovchi mehnatga layoqatli shaxslarni ish bilan bandligini oshirish masalalari yuzasidan ham o‘zaro fikr almashilib, mahalla ma’muriyati bilan bu boradagi kelgusida amalga oshiriladigan ishlar borasida kelishib olindi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    366
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+