Paxtachilikda yangi davr boshlandi

16.08.2022, 11:18

Paxtachilikda yangi davr boshlandi

Yangilanayotgan O’zbekistonimizda dehqonning qaddi tiklandi, uning halol mehnatlari rag‘batlantiriladigan bo‘ldi. Paxta narxining oshganligi mamlakatimiz iqtisodiyotining tayanchlariga aylangan fermerlar uchun istiqlol bayramiga munosib sovg‘a bo‘ldi desam yanglishmayman. Biz fermerlar bu baxtli kunlarni uzoq kutdik. Nomiga fermer bo‘lsak-da, sira kosamiz oqarmas, qilgan mehnatimizga yarasha daromad qila olmasdik. Prezidentimiz shafeligida joriy yilning 22 iyulida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda go‘za parvarishini yuksak agrotexnologiyalar asosida tashkil etish, hosildorlikni oshirish maqsadida sug‘orish va oziqlantirishni o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan “Dolzarb 30 kunlik” e’lon qilingan edi.

Vohamiz dehqonlari harorat me’yordan oshib ketib, suv tanqisligi sezilgan bu yilgi sharoitda ham rejaga yarasha hosil yetishtirish maqsadida fidokorona mehnat qilmoqdalar. Albatta, quyosh olov purkab turgan kezlarda dalada ter to‘kish haqiqiy matonatni talab etadi. Mehnatga yarasha daromad bo‘lmagandan so‘ng bobodehqonning kelajakka ishonchi ham haminqadar bo‘lib qolar ekan. Ayrim fermerlar dalani tashlab, boshqa ishni boshini tutib ketishganiga guvohmiz. Ammo men hayotimni dalasiz tasavvur eta olmaganim bois yer bilan tillashishda davom etdim. Sabrning tagi oltin deb shunga aytsa kerakdir-da.  Nihoyat, peshonamizga oftob tegdi, ro‘zg‘orimizga baraka kiradigan bo‘ldi. Eng muhimi dalada paxta yetishtirish va yig‘ib-terib olishda jonbozlik ko‘rsatayotgan qishloq odamlarining daromadi ham ortadigan bo‘ldi. O’zbekistonda yetishtirilgan 1 tonna paxta xom ashyosining minimal narxlari belgilanib, o‘rta tola navli paxta xomashyosining minimal narxi  (QQS bilan) 7 ming 100 so‘mdan 10 ming 25 so‘mga oshganligi dehqonlarning zahmatli mehnatlarining qadrlanishidan dalolatdir. Bir tonna ingichka tola navli paxta xomashyosining minimal narxi 15 ming 120 so‘m etib belgilandi. Bundan kelib chiqqan holda paxta xom ashyosini yetishtiruvchi va uni qabul qilib oluvchi  paxta narxlarini o‘zaro kelishuv asosida mustaqil belgilashi ham dehqonchilik tarixidagi  ajoyib yangilikdir.

Esini tanibmanki, daladaman. Nishonning cho‘llarida saraton oftobida toblanib, g‘alla va paxta hosili yetishtirishda yilning to‘rt faslida ham tinim bilmaymiz. Bu yil 50 gektar may         donda “Porloq-4” navidan ekib, yuksak agrotexnika qoidalari asosida parvarishlayapmiz. Har gektar  yerdan 40 sentnerdan paxta hosili yetishtirish maqsadida tunu kun mehnat qilmoqdamiz. Ayniqsa, saratonning sinovli kunlarida tuni bilan suv tarab, qator oralariga ishlov berib go‘zalarimizni ham, hosilini ham asrab qoldik. Bu yil davlatga paxta sotish bo‘yicha yillik rejani ortig‘i bilan bajarib, olingan foyda evaziga zamonaviy texnikalar xarid qilishni niyat qilgan edik. Tangrining marhamati ila orzularimiz ushaladigan bo‘ldi. Shu o‘rinda bizning haqiqiy g‘amxo‘rimiz va himoyachimiz bo‘lgan O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi rahbariyatiga ham qashqadaryolik paxtakor dehqonlar nomidan o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Kengashning sa’y-harakatlari bilan g‘alla va paxta xarid narxlari oshirish borasidagi qator amaliy takliflar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilganligi buning isbotidir. Eng muhimi, xo‘jaliklarimizda ishlaydigan kishilarning iqtisodiy holatlari yaxshilanadi, moddiy texnika bazamizni yangilab boramiz, sifatli o‘g‘itlar xarid qilib, yerlarning meliorativ holatini tezkor bilan yaxshilash, yer bonitetini oshirish borish imkoni yaratiladi. Mamnuniyat bilan ta’kidlaymanki, dehqonlarning ro‘zg‘orlariga baraka kirib, turmush farovonliklari keskin ortadi. Dala mehnatchisi uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak!

Jasur Xudoyorov,

Qashqadaryo viloyati Nishon

tumanidagi “Zohidov Umar”

 fermer  xo‘jaligi rahbari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    271
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+