Ishtirokchilarining har biri e’tirofga loyiq

16.08.2022, 11:22

Ishtirokchilarining har biri e’tirofga loyiq

Ayni kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida kezib yurgan bayramona kayfiyat joylarda bo‘lib o‘tayotgan ko‘rik-tanlov va boshqa  madaniy-ma’rifiy tadbirlarda aks etmoqda. Jizzax shahridagi “Yoshlar innovatsion markazi”da bo‘lib o‘tgan “Ishbilarmon ayol – 2022” ko‘rik –tanlovi hududiy respublika bosqichida ham bu hol yaqqol ko‘zga tashlanib turdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Feruza Nigmatova, Sardor G’iyosov, O`zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi ayollar bilan ishlash bo‘limi mudiri S.Muslimova, Jizzax viloyat Kengashi raisi Erkin Xolmatov, Kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Jizzax viloyat Kengashi raisi Nusratullo Pardayev, O’zbekiston Savdo-sanoat palatasi Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Akram Rahmonqulov, Viloyat “Tadbirkor ayol” assotsiatsiyasi raisi Nozima Tugalova ishtirok etgan ko‘rik-tanlovda shahar va tumanlarda g‘olib deb topilgan 13 nafar ishbilarmon ayollar o‘z ko‘rgazmalari bilan qatnashdilar.

Ko‘rik-tanlov Nizomiga ko‘ra tajribali hakamlar hay’ati a’zolari ishtirokchilar tomonidan tayyorlangan ko‘rgazma va taqdim etilgan hujjatlarni ko‘zdan kechirib xolisona baholab bordilar.

Baholash jarayonida ishtirokchilar tomonidan yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport salohiyati, investitsiyalar jalb qilish va shu kabi mezonlar alohida e’tiborga olindi.

Hakamlar hay’atining xulosalariga ko‘ra, Sharof Rashidov tumanidagi “Gulchi opa” klaster xizmati ish boshqaruvchisi Ozoda Ergasheva g‘olib deb topildi. Mazkur klaster xizmatida bugungi kunda 114 nafar ish o‘rni yaratilgan. E’tiborga molik tomoni, ularning 50 nafari “Ayollar daftari”ga , 35 nafari esa “Yoshlar daftari”ga kiritilgan.

Ikkinchi o‘ringa loyiq, deb topilgan Zafarobod tumanidagi “Bog‘boshi” fermer xo‘jaligi rahbari, “Do‘stlik” ordeni sohibi Sagadat Xalimova uzoq yillardan beri yer bilan tillashib kelayotgan ayollardan biri.

- Ushbu tanlov viloyatimizdagi barcha ishbilarmon opa-singillarimiz uchun muloqot maydoni. Bugun ham ishtirokchilar tayyorlagan ko‘rgazmalarni ko‘rib o‘zaro fikr almashdik. Tajribalarimizni o‘rtoqlashdik. Hatto, ba’zi ishtirokchilarimiz o‘zaro hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishib olishdi, - deydi Sagadat opa.

Uchinchi o‘ringa loyiq, deb topilgan Zarbdorlik “Guli Charos” xususiy korxonasi rahbari Gulnoza Tangirberdiyeva ham yosh bo‘lishiga qaramay 30 nafar doimiy va 40 nafar mavsumiy ish o‘rinlari yaratishga muvaffaq bo‘libdi. Ibratga molik bunday misollarni ko‘rik-tanlov ishtirokchilarining barchasi faoliyatida ko‘rish mumkin.

Umuman olganda, tanlov ishtitrokchilarini faqat shartli ravishdagina  g‘olib va sovrindorlarga bo‘lish mumkin. Aslida ularning har biri o‘zlari faoliyat olib borayotgan sohalarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari, oilalari va el-yurt farovonligi yo‘lida qilayotgan fidokorona mehnatlari, intilishlari bilan har qanday e’tirofga , e’zozga loyiq.

O`zLiDeP  Jizzax viloyat Kengashi

Matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    288
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+