Qashqadaryolik ishbilarmon ayollar saralandi

18.08.2022, 10:33

Qashqadaryolik ishbilarmon ayollar saralandi

O‘zLiDeP “Ayollar qanoti” tomonidan o‘tkazilayotgan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi mamlakat iqtisodini yuksaltirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali mahalliy ishlab chiqarishni zamonaviylashtirish ishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan xotin-qizlarni kashf etish, faoliyatini yanada rivojlantirish, eng muhimi yoshlarning bandligini ta’minlashga yaqindan yordam bermoqda. O’tgan yillar mobaynida mazkur tanlovda ishtirok etib, tadbirkorlik ko‘nikmasini oshirgan yuzlab  qashqadaryolik xotin-qizlar bugungi kunda vohaning taniqli tadbirkorlari va fermerlari safidan o‘rin olib ulgurishdi.

Qashqadaryoda  “Yangi O’zbekistonda el aziz, inson aziz!” shiori ostida “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining hududiy respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Shahrisabz tumanida joylashgan “Lochin” oromgohida tashkil etilgan mazkur tadbirda viloyatning shahar va tuman bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan, xususiy tadbirkorlik, fermerlik, mahalliy ishlab chiqarish,  hunarmandlik sohasidagi salohiyatlarini namoyish etdilar. Tadbirda vohaning ishbilarmon ayollari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ishtirokchilar  o‘zlari tayyorlagan mahsulotlarni namoyon etish barobarida ishbilarmonlik salohiyati, mahsulotlarning raqobatbardoshligi va eksportbopligi, innovatsion texnologiyalarni qay tariqa ishlab chiqarishga joriy etish borasidagi amaliy ishlari haqida to‘planganlarga so‘zlab berdilar. G’oliblarni aniqlashda ishtirokchilarning xotin-qizlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratganligi, eksportga yo‘naltirilgan yoki import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashganligi, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etganligiga alohida ahamiyat qaratildi. Shuningdek,  o‘z faoliyatida uchrayotgan muammo, to‘siq va g‘ovlarni qay tarzda bartaraf etganligi, mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni hamda mavqeini oshirishga qaratilgan O’zbekiston Respublikasi qonunlari, Prezident Farmonlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari borasidagi bilimlari ham baholab borildi.  

- Birinchi marotaba mazkur tanlovda qatnashayapman, - deydi Dehqonobod tuman Beshbuloq qishlog‘ida faoliyat olib borayotgan hunarmand ayol  Dilobar Ro‘zmatova.  – Garchi o‘rin ololmagan bo‘lsamda, kattagina tajriba orttirdim, mamlakat ishbilarmonlik olami bilan tanishdim, biznesda yo‘l qo‘ygan xatolarimni anglab yetdim. Tumanimiz aholisi asosan chorvachilik bilan shug‘ullanishadi.  Shu bois jun mahsulotlari bizda juda bisyor. Odamlar bizga mol-quylarining junlarini keltirib sotishadi. Biz ulardan gilamlar to‘qib, bozorga chiqarayapmiz. Ona-momolarimiz udumiga ko‘ra qizning sepida 2 ta gilam bo‘lishi kerak. Gilamlarimizning jog‘ori, taqir, qoqma, shoyi, chumchuq tili turlari o‘z xaridorini topgan. Mohir gilamdo‘zlarning boshini qovushtirib, gilamchilik fabrikasi tashkil etish orzuyim bor.  Mahsulotlarimizni nafaqat ichki bozor, balki xorijga ham chiqarmoqchimiz. Qishloq ayollarini kasanachilik orqali ish bilan ta’minlaganman.    

E’tirof etmoq lozimki, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan 2016 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan mazkur ko‘rik-tanlovda 3,5 ming nafar qashqadaryolik xotin-qizlar ishtirok etgan bo‘lib, mingdan ortig‘i hozirgi kunda vohaning taniqli ishbilarmon ayollari sanalishadi.

-Ko‘rik-tanlovning tuman-shahar bosqichlari ishtirokchilari soni yil sayin ko‘payib borayotir,-deydi O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi “Ayollarning siyosiy faolligi, jamiyatdagi o‘rni va mavqeini oshirish bo‘limi” mudiri Gulbahor To‘rayeva. – Ayniqsa, ishtirokchilar safi fermer ayollar hisobiga anchagina kengaydi. Bu yilgi tanlovda o‘nga yaqin fermer ayollarning ishtirok etganligi buning dalilidir. Baholash jarayonida ko‘p tarmoqli ishlab chiqarishni rivojlantirish va doimiy ish o‘rinlari yaratishdagi faolligi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi tashabbuslari e’tiborga olindi. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami bo‘lgan nogironlar, qarovchisi keksalar, kam ta’minlangan oilalarga moddiy, ma’naviy jihatdan g‘amxo‘rlik qilgan, tadbirkorlik va fermerlik faoliyatini rivojlantirish maqsadida yangi innovatsion loyihalardan samarali foydalangan holda  “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolarni ish bilan ta’minlagan ishbilarmon ayollar tanlab olindi.  

Bir so‘z bilan aytganda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlanishida tadbirkor va fermer xotin-qizlarning faol ishtirokini ta’minlash, yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy islohotlar mohiyatini ayollar o‘rtasida keng targ‘ib qilishda “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi muhim ahamiyat kasb etayotir. Tanlov jarayonida xotin-qizlar rahbarlik qilayotgan bir qator ilg‘or korxonalarga tashrif buyurilib, taniqli ishbilarmon ayollar yosh qizlarga o‘z faoliyatlari xususida master klass o‘tishdi.   

Birinchi o‘ringa  Qamashi tumanidagi  “Mohichehra Ahmedova” oilaviy korxonasi rahbari Sayyora Tojiyeva loyiq deb topildi. Ikkinchi o‘rin Shahrisabz shahridan kelgan hunarmand ayol Zuhra Xayrullayevaga nasib etdi. Uchinchi o‘ringa esa Kitob tumanidagi “ Ko‘kchinor fermer xo‘jaligi rahbari Zarifa Xidirova sazovor bo‘ldi. G’olib va sovrindorlarga tanlov tashkilotchilarining diplom, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi

Matbuot xizmati.

  • Ko'rildi
    346
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+