Dehqonobodda suv ta’minoti qachon yaxshilanadi?

22.08.2022, 17:28

Dehqonobodda suv ta’minoti qachon yaxshilanadi?

Xalq deputatlari Dehqonobod tuman kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhi yig‘ilishida tuman “Suvoqova” MChJ rahbari Suyun Allanazarovning o‘tgan yarim yilda jamiyat tomonidan aholini ichimlik suv bilan ta’minlash borasidagi ishlar yuzasidan hisoboti eshitildi. Hisobotda ta’kidlanishicha, tumanda 13 foiz aholigina  markazlashgan suv ta’minotiga ega bo‘lib, qolgan 53 foizi maxsus texnikalar yordamida tashib, 35 foizi esa daryo va buloqlardan iste’mol qilishadi. Investitsiya dasturi doirasida 3 ta ob’ektda suv quvurlari tortish ishlari davom etmoqda.

Prezidentimiz tashrifi chog‘ida 9 ta MFYga qo‘shimcha suv quvurlari tortish ko‘rsatmasi berilgan edi. Oradan to‘rt oy o‘tgan bo‘lsa-da,  amaliy natijalar ko‘rinmayapti. Nurli kelajak, Boyqo‘rg‘on, Otkamar, Qizilcha mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisini ish bilan ta’minlash borasida  ishlar  boshlangan. Biroq Bozortepa, Chashmaimiron, Oqrabot, Otkamar, Qizilcha MFY aholisini suv bilan ta’minlash yuzasidan qilinishi kerak bo‘lgan qurilish ishlari hattoki moliyalashtirilgan  ham emas. “Obod qishloq” dasturi doirasida “Aerodrom” MFYdagi 1006 xonadon ahlini suv bilan ta’minlash uchun ajratilgan mablag‘  350 xonadon uchun suv quvurlari tortishga ham yetmaydi. Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan 10 ta hudud aholisini  ichimlik suv bilan ta’minlash ishlarini amalga oshirish uchun mablag‘ ajratish paysalga solinmoqda. 

So‘zga chiqqan deputatlardan O’zLiDeP tuman kengashi raisi Alisher Xolmirzayev, Ilyos G’ofurov va boshqalar amalga oshirilgan ishlar mutlaqo talabga javob bermasligini ta’kidlab, jamiyat rahbariyati o‘z vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan qarayotganligini aytib o‘tdilar. Yig‘ilish so‘ngida aholini ichimlik suv bilan ta’minlash yuzasidan hisobotni deputatlik guruhining navbatdagi yig‘ilishlaridan birida qayta eshitish yuzasidan kelishib olindi.

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi

Matbuot xizmati.

  • Ko'rildi
    359
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+