O’zLiDeP faoli Namanganda yangi korxona ochib, 600 kishining bandligini ta’minladi

23.08.2022, 14:57

O’zLiDeP faoli Namanganda yangi korxona ochib, 600 kishining bandligini ta’minladi

Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Namangan viloyatida ham eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqilligimizning o‘ttiz bir yillik bayramiga tadbirkorlar tomonidan munosib tuhfa hozirlanmoqda.

Kosonsoy tumanidagi Yoshlik mahallasi hududida barpo qilinayotgan “Namuna” kichik sanoat zonasida 1 ming 800dan ziyod ish o‘rniga mo‘ljallangan yirik ishlab chiqarish korxonasining birinchi qismi ochilishi istiqlolimizning navqiron to‘yiga chinakam to‘yona bo‘ldi.

37 yoshli ishbilarmon, “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni sohibi Anvarxon Abdullayev rahbarligidagi "Barkas teks Group” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli yangi korxonaning foydalanishga topshirilishi natijasida 600 ta ish o‘rni yaratildi. Ishchilarning aksariyati “Yoshlar daftari” va “Ayollar” daftariga kiritilgan o‘g‘il-qizlar va ayollardan iborat.

Tumandagi Panixon mahallasida istiqomat qiluvchi ikki farzandning onasi Yoqutxon Ergasheva ana shunday ishchilardan biri. Bundan olti oy avval MFY tomonidan maxsus daftarga qayd etilgan bu ayol ishlab chiqarish korxonasida yaratilgan sharoitlardan mamnun.

- Har oyda 2 million so‘mgacha ish haqi olyapmiz, - deydi Yoqutxon Ergashova. - Ishga kelib-ketishimiz uchun bepul transport va tushlik tashkil etilgan.

Mamlakatimizda qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, xususiy mulk egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarinihimoya qilishga qaratilgan tizimli islohotlar samarasida mana shunday yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Bu borada O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 iyuldagi “Namangan viloyatida kichik sanoat zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi, 2019 yil 21 iyundagi “Kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2020 yil 14 iyuldagi “Har bir oila — tadbirkor” dasturini hamda Namangan viloyatidagi kichik sanoat zonalarini rivojlantirishni moliyalashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari dasturilamal bo‘lmoqda.

Bugungi kunga qadar viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning “o‘sish nuqta”laridan biriga aylangan kichik sanoat zonalari soni 73 taga yetdi va unda mingdan ziyod tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan istiqbolli biznes rejalari hayotga izchillik bilan tatbiq etimoqda.

Birgina, Kosonsoy tumanining o‘zida jami 167,4 gektar yer maydonida 4 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilib, ularda qiymati 1 trillion 251 milliard so‘mlik 184 ta loyiha joylashtirildi. Mazkur biznes loyihalarini to‘liq ishga tushirish hisobiga 13 ming 663 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Shu jumladan, umumiy maydoni 26,2 gektarga teng bo‘lgan Kosonsoy tumanidagi “Namuna” kichik sanoat zonasida jami qiymati 350 milliard so‘mlik 28 ta loyihani ishga tushirish ishlari davom ettirilmoqda. Mazkur loyihalar foydalanishga topshirilishi bilan 2 ming 400 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Ushbu sanoat hududida "Barkas teks Group” MChJ tomonidan 4 gektar yer maydonda momiq sochiq ishlab chiqarish rejasi amalga oshirilmoqda. Ayni vaqtda loyihaning ikkinchi qismini qurish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Mazkur korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlar to‘liq jahon bozorlariga chiqariladi. Yillik quvvati 5 ming tonna kalava ipdan tayyor mahsulot ishlab chiqariluvchi korxonada eksport hajmi 10 million dollarni tashkil etadi.

Korxonaning ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov ishtirok etdi.

  • Ko'rildi
    315
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+