Namanganlik eng faol ishbilarmon ayollar aniqlandi
25.08.2022, 16:51

O’zLiDeP tomonidan 2016 yildan beri o‘tkazib kelinayotgan "Ishbilarmon ayol" tanlovi Namanganda ham yuzlab tadbirkor ayollarni kashf etdi, ularga o‘z bizneslarini boshlab, oilada, jamiyatda munosib o‘rin egallashlarida muhim omil bo‘ldi, desak ayni haqiqat.
Bu galgi tanlov ham har yilgidanda yuqori saviyada tashkil etildi. Uning shahar, tuman bosqichlarida g‘olib bo‘lganlar Namangan shahri markazidagi "Uch favvora" xiyobonida uchrashdilar.
Mustaqilligimizning 31 yilligi bayrami arafasida "Yangi O’zbekistonda el aziz, inson aziz" shiori ostida tashkillangan ushbu tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rildi.
"Uch favvora xiyoboni har qachongidan ham go‘zal qiyofa kasb etdi. Bayroqlar, istiqlolni, inson qadrini ulug‘lovchi shiorlar, ishbilarmon ayollar faoliyati haqidagi ma’lumotlar, mahsulotlar ko‘rgazmasi kishining diqqat-e’tiborini tortdi.
Ushbu tadbir O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 31 yilligi bayrami arafasida hamda Prezidentimiz tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazgan shukuhli kunlarda o‘tganligi bilan ham o‘zgacha mazmun kasb etdi.
Tanlovning respublika va hududiy bosqichida shahar, tumanlardan yigirma ikki nafar g‘oliblar o‘z ko‘rgazmalari bilan ishtirok etishdi.
O’zLiDeP viloyat Kengashi raisi Solijon Mo‘minov, partiyaning Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri Sevara Muslimova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Sardor G’iyosov, Barno Mirzamovalar barchani eng ulug‘ va eng aziz bayram bilan tabriklab, tanlov ishtirochilariga omad va zafarlar tiladilar.
Hakamlar xay’ati a’zolari har bir ishtirokchi faoliyatini baholashda ayollarning ishbilarmonlik salohiyatiga, yaratilgan mahsulotlar, xizmatlarning sifatiga, yangi ish o‘rinlari yaratilganiga va boshqa jihatlariga alohida e’tiborni qaratdilar.
Viloyat maqom ansambli hamda Namangan shahar madaniyat bo‘limi xonandalari ijrosida dilrabo kuy va qo‘shiqlar yangradi. Go‘zal va lobar qizlar tomonidan namoyish etilgan milliy va zamonaviy liboslar ham barchaga manzur bo‘ldi.
Dastlab sahna markaziga 2016-2021 yillarda ushbu tanlovda ishtirok etib, respublikada faxrli o‘rinlarni egallagan ishbilarmon ayollar Adiba Xojimirjayeva, Nozima Mamatova, Xakima Toshmatova, Yulduz Karimova, Tupanissa Raimjonova, Moxidil Isoqovalar taklif etilib, ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi faolliklari uchun ularga faxriy yorliqlar topshirildi.
So‘ngra esa bu yilgi tanlovda namunali ishtirok etgan tadbirkor ayollar, turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar tashakkurnomalar bilan taqdirlandilar.
Eng yakunida esa g‘oliblarning nomlari e’lon qilindi. Unga ko‘ra 1-o‘rin Namangan shahridan “Latifa Guli” MChJ rahbari Gulnora Mirzaabdullayeva, 2-o‘rin Uychi tumanidan “Begoyim textile” MChJ rahbari Sevara Olimova, 3-o‘rin Pop tumanidan "SHAXOBIDDIN-SHUKRONA TEXTILE" korxonasi rahbari Nargiza Davronova sazovor bo‘ldilar.
O'xshash yangiliklar
-
Deputat ko‘magida ishsiz ayollar o‘z biznesini boshladi
04.05.2023, 16:22
-
Nurobodlik ishsiz xotin-qizlar kasb-hunarga o‘rgatilmoqda
04.05.2023, 16:17
-
“King garment textile” korxonasi rahbari Gulrux Xudoyberdiyeva: “Imkoniyatlardan unumli foydalanyapmiz”
28.04.2023, 11:38
-
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi xotin-qizlar faollariga targ‘ib qilindi
19.04.2023, 14:59
-
Xotin-qizlar barcha sohada o‘zini namoyon etishga haqlidir
17.04.2023, 16:03
Fikringizni qoldiring