Fermerlar bilan muloqotlar davom etmoqda

09.09.2022, 11:34

Fermerlar bilan muloqotlar davom etmoqda

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi hamda O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xaitov hududlarda bo‘lib, fermer xo‘jaliklarida va aholi tomorqalarda amalga oshirilayotgan kuzgi dala ishlari bilan yaqindan tanishmoqda.

Samarqand viloyatiga tashrif davomida bir qator tumanlarda, xususan, Ishtixon, Pastdarg‘om tumanlari aholisini qiziqishlari va takliflarini o‘rgandi. Partiya yetakchisi ularning tashvish va quvonchlari bilan tanishdi. Misol uchun, Ishtixon, tumanidagi «Xumo» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Xina qishlog‘ida yashovchi Husniddin Xudoyshukurov bir necha yildan buyon xonadonida dorivor o‘simlik shafran yetishtirish bilan shug‘ullanmoqda.

Qayd etish kerakki, ushbu o‘simlik tibbiyot va oziq-ovqat sanoatida keng ishlatiladi. Uning tarkibida 50 foizdan ortiq bo‘yoq beruvchi krotsin, 2,7 foiz yog‘, 0,32 foiz efir moyi, V, V2 vitaminlari, azotli moddalar, qand, kaliy va kalsiy birikmalari mavjud bo‘lib, ko‘plab kasalliklarni davolashda qo‘llaniladi. O’simlik o‘ziga xos xushbo‘y hidi, yorqin rang va ta’m berishi bois turli taomlarga qo‘shiladi. Undan qandolat mahsulotlari, kremlar, muzqaymoq tayyorlashda ham foydalaniladi. Za’faron qo‘shilgan oziq-ovqat mahsulotlari bir necha kungacha sifatini yo‘qotmaydi. Albatta, bunday xususiyatlar ushbu o‘simlikning bozorgirligini va bahosini ham oshiradi.

Shu mahallada yashovchi Rustam O’roqov esa tomorqasida takroriy va to‘qsonbosti ekinlar yetishtirishning hadisini olgan. U har yili hosildorlikka evaziga yaxshigina daromad olmoqda.

Kengash vakillari mahalladagi boshqa xonadonlarda ham bo‘lib, ularga dorivor o‘simlik hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish agrotexnologiyalari, issiqxona va artezian quduqlari barpo etish bo‘yicha kerakli tavsiyalar berib, uslubiy qo‘llanmalar tarqatishdi.

Keyingi manzil Pastdarg‘om tumanida ham xonadonlarda va fermer xo‘jaliklarining dalalarida uchrashuvlar o‘tkazildi. Misol uchun, «Zarafshon» MMTP «Eshonboy» fermer xo‘jaligining 200 gektar yer maydoni mavjud bo‘lib, uning 100 gektarida g‘alla ekilib, reja ortig‘i bilan bajarildi. Hozirda 82 gektardagi paxta hosilini yig‘ib-terish ishlari boshlanish arafasida.

Fermer ishsiz aholi va yoshlarni ish bilan ta’minlashga hissa qo‘shish maqsadida g‘alladan bo‘shagan maydonlarni ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga bo‘lib berdi. Bu jarayonda shu mahallada yashovchi 70 nafar aholi sholg‘om, sarimsoqpiyoz, loviya, mosh kabi takroriy ekin yetishtirish imkoniga ega bo‘ldi.

Aktam Xaitov ularning faoliyati bilan tanishish jarayonida savollariga javob berdi. Ularning huquq va manfaati hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi o‘ziga xos o‘rni haqida tushuncha berdi.

Ayni vaqtda O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining ishchi guruhlari joylarda aholi bilan amaliy ishlarini davom ettirmoqda.

  • Ko'rildi
    333
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+