Partiya vakillari “Muruvvat uyi” faoliyati bilan tanishdi

12.09.2022, 16:26

Partiya vakillari “Muruvvat uyi” faoliyati bilan tanishdi

Dunyoda shabadadan-da yengil, shuning bilan birga yer kurrasidan-da og‘ir bir o‘lchov borki, bu inson qadridir. Mamlakat Prezidentining Inson qadri masalasini davlat siyosati darajasigacha  olib chiqishi zamirida ana shunday o‘lchovlarga sig‘maydigan ezgulik mujassam.

Navoiy viloyatining Nurota tuman markazidagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar internat uyi qadr-qiymat, odamiylik masalasiga hukumatimiz tomonidan qaratilgan yuksak e’tibor namunasi desak, hech mubolag‘a emas.

Bu yerda ayni paytda 225 nafar nogironligi bo‘lgan erkaklar ham davolanib, ham istiqomat qilayotgan bo‘lsa, ularning 71 nafari to‘liq o‘zgalar qaramog‘iga muhtojlar hisoblanadi.

O’zLiDeP Navoiy viloyati hududiy partiya tashkilotining bir guruh vakillari mazkur ezgulik maskanida bo‘lib, nogoronligi bo‘lgan shaxslarga xizmat ko‘rsatayotgan “Muruvvat uyi” ishchi-xodimlari bilan uchrashishdi va bu yerdagi shart-sharoitlarni o‘rganishdi. Mazkur maskanda partiyaning boshlang‘ich tashkiloti faoliyat yuritib kelmoqda.

190 nafar ishchi-xodimlarning 115 nafari malakali tibbiy personajlar hisoblanib, har olti oy oraliqda “muruvvat uyi”da yashovchilarning salomatligi to‘liq ko‘rikdan o‘tkazilib turadi. Shuningdek, mazkur maskanning kutubxonasiga 1100 dona o‘zbek va 410 dona jahon adabiyoti durdonalari keltirilgan.

-Biz bu yerda tarbiyalanuvchilarni davolash va ularni hayotiy ratsionga qaytarishning tabiiy yo‘llaridan foydalanamiz. “Muruvvat uyi”ga qarashli 40 gektar yerning 17 gektari ekin-tekin uchun mo‘ljallangan . Yana yordamchi xo‘jaligimiz ham bor. Bu yordamchi xo‘jalikda 40 bosh qoramol va 120 bosh mayda shoxli mollarimiz bor.  Oziq-ovqat mahsulotlarini ana shu ekin maydonimizdan va yordamchi xo‘jaligimizdan olamiz. Ko‘rib turganingizday, sharoitlarimiz juda yaxshi. Yana 15 milliardlik loyiha asosida qo‘shimcha yotoqxona binosi qurilishi boshlab yuborilgan.Tarbiyalanuvchilarning qo‘l ishlari bilan shug‘ullanishlariga yanada yaxshiroq sharoit yaratish maqsadida keng shourum binosi ham qurilmoqda, -deydi “Muruvvat uyi”direktori Sh.Norov.

Darhaqiqat, bu oqibat uyining  chor-atrofiga ekilgan turfa gullar ham ezgulikni kasb-korga aylantirgan ishchi xodimlarning o‘z ishlariga chuqur muhabbatidan dalolat berib turibdi.

O’zLiDeP Navoiy viloyati kengashi

matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    424
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+