Xitoy O’zbekistonning eng yaqin hamkori va bu aloqalar kelgusida yanada yuksaladi

16.09.2022, 09:45

Xitoy O’zbekistonning eng yaqin hamkori va bu aloqalar kelgusida yanada yuksaladi

Shunday deyishga to‘la asoslarimiz bor. Chunki Xitoy dunyoning eng rivojlangan mamlakati va O’zbekiston bilan hamkorlik qilishga, turli sohalarda investitsiyalar kiritishga tayyor. Eng muhimi esa ikki davlat xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘slik va qardoshlik rishtalari yil sayin mustahkamlanib bormoqda. Yana shuni mamnuniyat bilan aytishni istar edimki, Xitoy davlati Shanxay hamkorlik tashkiloti a’zolari orasida O’zbekistonga eng ko‘p sarmoya va investitsiya kiritadigan hamda turli texnologiyalarini taklif etadigan yaqin qo‘shni davlat sifatida katta ahamiyatga ega.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning mamlakatimizga davlat tashrifi bilan kelishi esa bu aloqalarni yanada yuksak darajaga ko‘tarishi tabiiy. Binobarin, ikki davlat rahbarlarining bu galgi Samarqanddagi uchrashuvi Xitoy uchun ham O’zbekiston uchun ham juda foydali bo‘ladi, desak sira mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Xususan, o‘tgan yilda tovar ayirboshlash rekord ko‘rsatkich – 8 milliard dollarga yetdi, joriy yil boshidan esa 30 foizdan ortiq o‘sdi.

Keyingi besh yilda O’zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan oshdi. Keng ko‘lamli iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha besh yillik dastur, iqtisodiyotning muhim tarmoqlari va ijtimoiy sohada qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, bunda elektron tijoratni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha, eng avvalo, avtomobilsozlik, “yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi va infratuzilma kabi sohalarda ilg‘or loyihalarni amalga oshirish muhimligi aytib o‘tildi.

Ayniqsa, Xitoyning kambag‘allikka qarshi kurashish, hududlarni rivojlantirish va professional kadrlar tayyorlash borasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish va joriy etishni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi. Mintaqamiz taraqqiyoti va transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligi uchun strategik ahamiyatga ega “Xitoy – Qirg‘iziston –O’zbekiston” temir yo‘li qurilishini boshlash to‘g‘risida tarixiy kelishuvga erishilgani ayniqsa, quvonarli bo‘ldi.

Rasmiy uchrashuv  yakunida umumiy qiymati 15 milliard dollarlik ustuvor loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlikka doir kelishuvlar imzolandi.

Xitoy yetakchisi O’zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti raisi sifatidagi faoliyatini, buning natijasida tashkilotni kengaytirish va xalqaro nufuzini mustahkamlash bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinganini yuksak baholadi.

Xulosa shundan iboratki, yaqin qo‘shnimiz, strategik hamkorimiz va ishonchli sherik hisoblangan Xitoy davlati bilan aloqalarimiz yanada rivojlanib, yuksak darajaga ko‘tarilayotgani ikki do‘st mamlakat iqtisodiyoti va istiqboliga xizmat qilishi shubhasiz. Aminmanki, bu samarali aloqalar Yangi O’zbekistonni barpo etish yo‘lidagi ulkan sa’y-harakatlarimizni  yanada yuksalishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Hazratqul XO’JAMQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    358
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+