Samarqand sammiti yilning muhim siyosiy tadbiri sifatida jahon hamjamiyatining e’tiborida bo‘ldi

19.09.2022, 11:08

Samarqand sammiti yilning muhim siyosiy tadbiri sifatida jahon hamjamiyatining e’tiborida bo‘ldi

Xalqaro munosabatlar tizimida davlatlararo va ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bergan Samarqand sammiti yilning muhim siyosiy tadbiri sifatida jahon hamjamiyatining e’tiborida bo‘ldi.

Dunyo xalqlarining qariyb yarmini qamrab olgan mamlakatlarning 14 davlat rahbari va 10 ta xalqaro tashkilot rahbarlarini xalqaro dolzarb masalalar bo‘yicha muloqotga birlashtira olgani bilan ham sammit alohida nufuzga ega bo‘ldi.

Sammit davomida strategik ahamiyatga ega 40 dan ortiq hujjat imzolanb, ularda ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish va samarali transport yo‘laklarini yaratish, “aqlli” qishloq xo‘jaligi va agroinnovatsiyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlik konsepsiyalari, ishlab chiqarish texnologiyalaridan foydalanish, qayta tiklanadigan energiya manbalari, infratuzilmani rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini rag‘batlantirish, raqamli savodxonlikni rivojlantirish sohalarida hamkorlik dasturlari, shuningdek, hududlararo savdoni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar rejasi va yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolashda hamkorlik qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” qabul qilindi.

ShHT sammitida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan Samarqand birdamlik tashabbusining maqsadi xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun barcha manfaatdor davlatlarni global sivilizatsiyalararo muloqotga jalb etish, kelishilgan yondashuv va yechimlarni izlash, ishonchni tiklash, global keskinlik, noaniqlik va bashorat qilib bo‘lmaydigan holatlarni bartaraf etishdan iborat.

Bugungi kunda ushbu maqsadlarga erishish uchun mafkuraviy kun tartibi va siyosiy-iqtisodiy manfaatlardan holi sivilizatsiyalar va madaniyatlararo munosabatlar va muloqotni yo‘lga qo‘yish yagona samarali platforma hisoblanadi. O’zaro hamkorlikning ushbu formati, shuningdek, madaniy, sivilizatsiyaviy, millatlararo, dinlararo o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, ma’naviy rishtalar va axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash orqali dunyo davlatlari va xalqlarining mavjud qarama-qarshilik va kelishmovchiliklarni yumshatish bo‘yicha sa’y-harakatlarini birlashtirishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.

Sammitning asosiy yakuniy hujjati – ishtirokchi davlatlarning eng muhim mintaqaviy va global muammolar bo‘yicha mujassamlashgan pozitsiyalarini aks ettiruvchi Samarqand deklaratsiyasi mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, transport aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, madaniy muloqotni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma yondashuvlarni belgilab berdi. Bu o‘z navbatida ShHTning xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashning muhim omili, uning ko‘p tomonlama hamkorlikning samarali mexanizmi, xalqaro kun tartibidagi masalalarni hal etishda jiddiy hamkor sifatidagi nufuzi oshganidan dalolat beradi.

Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammitini yuqori darajada tashkil etilishi bilan O’zbekiston konstruktiv muloqotni yo‘lga qo‘yish va oqilona murosaga asoslangan o‘zaro maqbul yechimlarni topishga muhim hissa qo‘shishga qodir davlat sifatida o‘zini namoyon qildi. Natijada O’zbekistonimizning xalqaro maydondagi nufuzi yanada yuksalib, dunyo mamlakatlari bilan xalqaro hamkorligimiz yangi bosqichga ko‘tarilishiga  zamin yaratildi.

To‘lqin Karimov

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    211
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+