Samarqand sammiti ShHT geografiyasini yanada kengayishiga xizmat qiladi

20.09.2022, 15:58

Samarqand sammiti ShHT geografiyasini yanada kengayishiga xizmat qiladi

Samarqandda o‘tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkilotining yigirma ikkinchi sammiti butun dunyo e’tiborini o‘ziga qaratdi.

Ayrim xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar nufuzi yo‘qolib borayotgan bir davrda ShHTning ham geografik, ham son jihatdan ortib borayotgani e’tiborga molikdir.

Ta’kidlash joizki, Prezidentimiz ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi majlisida O’zbekiston ShHTga raislik qilgan davrda amalga oshirilgan ishlarning yakuniy hisobotini hamda tashkilot oldida turgan global muammolarni yechish bo‘yicha takliflar berdi. Shuningdek, o‘z ma’ruzasida dunyoda ko‘plab muammolar vujudga kelayotganini ta’kidlab, pandemiya, iqlim o‘zgarishi, oziq-ovqat xavfsizligi, energetika masalalari bilan bog‘liq muammolarni sanab o‘tdi. O’z navbatida, ularning yechimini topish uchun qator tashabbuslarni ilgari surdi. Ana shunday tashabbuslardan biri Toshkent shahrida Mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlik markazini tashkil etish taklifi bo‘ldi.

Sammit doirasida Xitoy – Qirg‘iziston – O’zbekiston temir yo‘li qurilishi to‘g‘risida bitim imzolangani tarixiy voqea, deya baholandi. Prezidentimiz strategik jihatdan yana bir muhim loyiha: Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar temir yo‘li qurilishini ham qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Transport va kommunikatsiyalar sohasidagi barcha istiqbolli loyihalarni kelgusi yili ShHTning O’zbekistonda o‘tkaziladigan birinchi transport forumi doirasida muhokama qilish mumkinligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga alohida urg‘u berdi. Bu – juda muhim tashabbus. Sammit doirasida Eron rahbari bilan uchrashuvda ham bu masalaga alohida e’tibor qaratilgan edi. Shu bilan har yili ShHT yirik savdo yarmarkasini o‘tkazish, uning asosida yagona elektron platforma yaratish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

O’zbekiston sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va o‘zaro savdoni rag‘batlantirish maqsadida ShHT mamlakatlari Maxsus iqtisodiy zonalari alyansini tuzish tarafdori ekani ta’kidlandi. Shu bilan birga, Prezidentimiz ShHT davlatlarida kelgusi yilni Turizmni rivojlantirish yili, deb nomlashni taklif etdi.

ShHTga a’zo davlatlarning umumiy hududi 34 million kvadrat kilometrdan oshadi. Bu Yevroosiyo qit’asi hududining 60 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi. ShHT davlatlarining umumiy aholisi soni esa qariyb 3,5 milliard kishiga yetadi. Yer yuzida 7 milliard 800 million inson borligini inobatga olsak, bu dunyo aholisining qariyb yarmi deganidir. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, Turizmni rivojlantirish yilida sayyohlar oqimi ko‘payadi. Bu nafaqat mamlakatlarimiz iqtisodi yuksalishiga, balki madaniy-gumanitar aloqalar rivojlanishiga ham ijobiy ta’sir o‘tkazadi.

ShHT Davlat rahbarlari kengashining Samarqand deklaratsiyasi tadbirning bosh yakuniy hujjati bo‘ldi. Unda mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, transport aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, madaniy muloqotni chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma yondashuvlar belgilab berilgan. Jami 44 ta hujjat – bitim, konsepsiya, dasturlar va boshqa qarorlar qabul qilindi. Bu tashkilot tarixida rekord ko‘rsatkichdir.

Bir so‘z bilan aytganda, Samarqand sammiti konstruktiv muloqot, o‘zaro tushunish va do‘stona ruhda o‘tgani xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilmoqda.

Xurshidaxon Xalilova,

O’zLiDeP Andijon viloyat Kengashi raisi,

xalq deputatlari viloyat kengashi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    288
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+