Teletibbiyot konsepsiyasi: ilg‘or tajriba va samarali natijalar degani

20.09.2022, 16:14

Teletibbiyot konsepsiyasi: ilg‘or tajriba va samarali natijalar degani

ShHTning Samarqand sammitida bugungi kunda aholi sog‘lig‘iga xavf tug‘dirayotgan yangi xatar va tahdidlarga birgalikda qarshi kurashish ko‘lamini kengaytirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Negaki, bugun insoniyat avval ma’lum bo‘lmagan infeksiyalar bilan to‘qnash kelmoqda. Ularga qarshi kurashish kundalik turmushimizning bir qismiga aylanmoqda. Shu munosabat bilan Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev sammitda Epidemiya tahdidlariga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarning kompleks rejasi qabul qilinishini olqishlashini alohida qayd etdi.

Vaholanki, mazkur rejaning amalga oshirilishini ta’minlash, xavfli infeksion kasalliklarning tarqalishi to‘g‘risidagi axborot bilan ta’sirchan almashinuvni yo‘lga qo‘yish muhimdir. Shu boisdan Tashkilotga a’zo mamlakatlarning sohaga ixtisoslashgan shifoxonalari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Epidemiyaga olib keluvchi kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha tibbiyot muassasalari tarmog‘ini yaratish taklif etildi.

Ushbu tarmoq doirasida infeksion kasalliklarni diagnostika, profilaktika qilish va davolash bo‘yicha tajriba almashish, qo‘shma vrachlar guruhlari faoliyatini tashkil etish va ularni tayyorlashga qaratilgan o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish mumkin.

Sir emaski, pandemiya sharoitida sog‘liqni saqlashga yangi masofaviy texnologiyalarni joriy etish zarurati ortib bormoqda. Shu munosabat bilan teletibbiyot sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqish taklifi ham bildirildi. Konsepsiyada vrachlarni keng turdagi kasalliklarni davolashda teletibbiyot usullariga o‘qitish hamda ushbu sohadagi ilg‘or tajriba almashish nazarda tutiladi.

Albatta, barcha sohalar kabi tibbiyot ham rivojlanishdan to‘xtamasligi lozim. Bu yo‘nalishda davlatlarning o‘zaro tajriba almashinishi, yangi texnologiyalarni tatbiq etilishi insoniyat salomatligiga xavf solayotgan xatarlarni bartaraf qilishda qo‘l keladi.

Gulbahor Tangirova,

O‘zLiDeP Surxandaryo viloyati Kengashi deputati,

partiyaning Jarqo‘rg‘on tumani Kengashi raisi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    552
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+