Deputat aralashuvi bilan aholini qiynab turgan muammo hal etildi

21.09.2022, 11:45

Deputat aralashuvi bilan aholini qiynab turgan muammo hal etildi

Bugun xalq vakillari bo‘lgan deputatlar aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini mutlaqo yangicha usulda amalga oshirishmoqda.

Aholi turmushining farovonligi va munosib hayot kechirib, rozi bo‘lishida bor kuch va imkoniyatlarini ishga solishmoqda.

Xalq deputatlari Zangiota tuman Kengashidagi O’zLiDeP deputati Shaxzodbek Nosirxo‘jayev ham mana shunday ibratli deputatlardan. Yaqinda uning bevosita aralashuvi bilan Zangiota tumanining Ahmad Yassaviy mahallasida yashovchi aholini uzoq yillardan beri qiynab kelayotgan muammo o‘zining ijobiy yechimini topdi.

Ahmad Yassaviy mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Nuriddin Axmedov hudud aholisi nomidan og‘zaki tartibda bildirgan murojaatida farzandlarining maktab, kollej va institutga qatnashlari uchun avtobus va boshqa transport vositalari to‘xtashi uchun bekatlarning mavjud emasligini ma’lum qilgandi.

Murojaatni joyiga chiqib, tizimli o‘rgangan deputat haqiqatan ham Axmad Yassaviy hamda Bo‘ston mahallalari hududidan o‘tuvchi yo‘l ustida bekatlar yo‘qligiga guvoh bo‘ldi. Aholi vakillari bilan bo‘lgan suhbatda bir necha yil muqaddam qurilishi boshlangan bekatlarning bitmay qolgani oydinlashdi.

Deputat aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘layotgan masalani ijobiy hal etish maqsadida tegishli tashkilotlarga murojaat qildi. Natijada, bekat 2-3 kun ichida qurib bitkazildi.

Hududda istiqomat qiluvchilarning og‘iri yengil bo‘ldi. Endi bu yerdan maktab, kollej va oliygohlarga qatnovchi o‘quvchi va talabalar, ishga boruvchi ishchi-xodimlarga jamoat transportidan foydalanishda qulayliklar yaratildi.

Deputat Shaxzodbek Nosirxo‘jayevning aholi muammolarini bartaraf etishdagi sa’y-harakatlarini birgina maqola bilan chegaralab bo‘lmaydi. Negaki, deputat o‘z faoliyati davomida bir qator muammolar xususan, fuqarolar tomonidan moddiy yordam va bola puli, uy-joy, tibbiyot, ichimlik suvi, uy-joy hujjatlarini kadastr agentligidan ro‘yxatdan o‘tkazish, ish bilan bandlikni ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, biznes vakillari duch kelayotgan qiyinchiliklarni bartaraf qilish singari masalalar bilan ham yuzlashib, ularni joyida ijobiy hal etilishiga katta xissa qo‘shib kelmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, xalqni rozi qilish yo‘lidan borib, bor kuch-g‘ayrati, tajribasini ishga solmoqda.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    2056
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+