O’zLiDePning “Yangi avlod kadrlari” loyihasi amalda

22.09.2022, 16:05

O’zLiDePning “Yangi avlod kadrlari” loyihasi amalda

Bugungi kunda Buxoro viloyatida jami 61 517 nafar O’zLiDeP a’zosi bo‘lib, ularning 15 856 nafarini 30 yoshgacha bo‘lgan navqiron avlod vakillari tashkil etadi. Ular orasida tadbirkorkorlikka qiziquvchi yoshlar ham talaygina. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti MTU Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish institutida O’zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi tomonidan partiyaning “Yangi avlod kadrlari” loyihasi doirasida “Azmu-shijoatli yoshlarimiz-Yangi O’zbekiston bunyodkorlaridir” mavzusida mahalliy tadbirkorlar va ushbu institut talaba-yoshlari o‘rtasida o‘tkazilgan ochiq muloqot davomida aynan shu jihat yaqqol ko‘zga tashlandi.

Uchrashuvni institutning yoshlar masalalari bo‘yicha prorektori, falsafa fanlari doktori Fayzullo Hamidov kirish so‘zi bilan ochdi.

Ochiq muloqotda so‘zga chiqqan partiya viloyat Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari-apparat rahbari Bobomurod Ochilov talaba-yoshlar diqqat e’tiborini  O’zLiDeP “Yangi avlod kadrlari” loyihasining mazmun-mohiyati va ushbu loyiha bo‘yicha joylarda amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi vazifalarga qaratdi. 

Ma’lumki, ushbu partiyaviy loyihada ko‘zda tutilgan vazifalardan biri tadbirkorlikni boshlash istagida bo‘lgan yigit-qizlarning soha peshqadam xodimlari bilan uchrashuvlarini tashkil etishdan iboratdir.

Ochiq muloqot davomida “Yangi avlod kadrlari” loyihasining asosiy vazifalari haqida yoshlarga aniq ma’lumotlar berilib, Yangi O’zbekistonda ularning navqiron bunyodkorlar sifatidagi roli ham alohida e’tirof etildi.

Oliy o‘quv yurti talaba-yoshlari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda so‘z olgan Buxoro shahridagi “Zamin madad tayyorlov savdo” MChJ direktori Mamlakat Sodiqova o‘z ish tajribasi bo‘yicha fikr-mulohazalarini bayon etar ekan, yaqinda Samarqand shahrida o‘tkazilgan ShHTning navbatdagi sammiti hamda unda qabul qilingan bir qator qarorlar va rasmiy hujjatlar xususida ham to‘xtalib o‘tdi. Sammit yakunida qabul qilingan Samarqand dekloratsiyasida kichik, o‘rta biznes va xususiy tadbirkorlikka oid istiqbolli vazifalar ham belgilab berilganligini qayd etdi.

Viloyat markazida bundan 10 yil oldin o‘z faoliyatini boshlagan “Ruxshana Teks” xususiy korxonasi rahbari, “Do‘stlik” ordeni sohibasi Shoira Bo‘ldiyeva ishlab chiqarishda o‘z kuchi bilimi va mahoratini sinab ko‘rish istagida bo‘lgan yoshlarni o‘zi rahbarlik qilayotgan mehnat jamoasiga ishga taklif etdi.

Talaba yoshlarni nihoyatda qiziqtirgan muhim masala – tijorat banklaridan imtiyozli kreditlar ajratishdagi imkoniyat va preferensiyalar borasidagi zarur ma’lumotlar bo‘yicha “Ipotekabank” ATB viloyat bo‘limi mas’ul xodimi Sayyora Roziqova tomonidan tegishli ma’lumotlar berildi.

Institutda o‘kazilgan ochiq muloqotda O’zLiDeP Buxoro shahar Kengashi raisining yoshlar mapsalalari bo‘yicha o‘rinbosari, viloyat teleradiokompaniyasi huzuridagi BPT raisi Dilfuza Sulaymonova hamda shahardagi “Tadbirkor biznes tsentr” kasb-hunar markazi rahbari Sabohat Davronova va boshqalar muhokama etilgan masalalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdilar.  

Talaba-yoshlarni qiziqtirgan savollarga ochiq muloqot tashkilotchilari va sohaning tajribali xodimlari tomonidan batafsil javoblar berildi. Tadbir yakunida faol talaba yoshlardan bir guruhi O’zLiDeP viloyat Kengashi kadrlar zaxirasiga olindi.

  • Ko'rildi
    311
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+