Tashabbuslar mas’uliyatni yanada oshiradi

23.09.2022, 11:40

Tashabbuslar mas’uliyatni yanada oshiradi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining majlisidagi nutqida ilgari surilgan muhim tashabbuslar bugun keng jamoatchilik vakillari, idora va tashkilotlar tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi ham mazkur masalaga bag‘ishlanib, ushbu tarixiy nutqdan kelib chiqib, partiya va uning fraksiyasi oldida turgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Qahramon ERGASHEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi:

– Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O’zbekiston ShHT doirasidagi hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shgani barobarida uning xalqaro obro‘sini oshirish yo‘lida astoydil ish olib bordi. Tashkilotga O’zbekiston raisligi davrida oziq-ovqat xavfsizligi va kambag‘allikni qisqartirish kabi sohalardagi hamkorlikning yangi format va mexanizmlari ishga tushirildi. Samarqand sammitida qabul qilingan qarorlar umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lidagi o‘zaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik prinsiplariga asoslangan yangi, inklyuziv muloqotni yo‘lga qo‘yish borasida o‘ziga xos namuna bo‘la oldi.

Emma ASLONOVA, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi:

 – Ushbu nufuzli anjumanda iqtisodiyot, savdo va investitsiya sohalaridagi hamkorlikning amaliy ta’sirchanligini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratilgani fraksiyadoshlarimiz tomonidan e’tirof etildi. Davlatimiz rahbarining nutqida belgilangan vazifalar aholi turmush farovonligini oshirish, yuksak iqtisodiy rivojlanishga erishishga xizmat qiladi. O’z navbatida, ushbu nutqda belgilangan tashabbuslar asosida partiya va fraksiyamiz oldida turgan vazifalarni belgilab oldik. Yig‘ilishda “O’zbekiston Respublikasi Hisob palatasining faoliyati takomillashtirilganligi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasining muhokamasi ham qizg‘in kechdi.

Zafarjon JALOLOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi:

– Ushbu hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 2 ta va “O’zbekiston Respublikasining Hisob palatasi to‘g‘risida”gi qonunning bir qator moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ayni hujjatning qabul qilinishi Hisob palatasining ish faoliyatini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga, shuningdek, uning faoliyatini sifatli va to‘laqonli yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi. Shu bois muhokamalar davomida fraksiyamiz a’zolari bilan birgalikda ushbu qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohaza, takliflarimizni bildirdik. Yakunda muhokama etilgan qonun loyihalarini maromiga yetkazish yuzasidan deputatlarning taklif, mulohazalari tinglandi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

  • Ko'rildi
    205
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+