O’n nafar talaba kadrlar zaxirasiga olindi

23.09.2022, 16:13

O’n nafar talaba kadrlar zaxirasiga olindi

Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida “Yangi avlod kadrlari jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Andijon viloyati kengashi tashabbusi bilan “Yangi avlod kadrlari” loyihasi doirasida tashkil etilgan tadbirda partiya viloyat Kengashi faollari, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari, institut professor-o‘qituvchilari hamda bitiruvchi talabalar ishtirok etdi.

Davra suhbatida Yangi O’zbekistonni shakllantirish jarayonida mamlakatimiz yoshlarining yetuk, bilimdon va intellektual salohiyatini yuksaltirish, yurtimiz taraqqiyotini yanada yuqori bosqichga ko‘taradigan malakali kadrlar tayyorlash, xususan, talaba-yoshlarning puxta bilim olishi, o‘zi tanlagan sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lishini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.

– Partiyamiz tomonidan amalga oshirilayotgan “Yangi avlod kadrlari” loyihasining asosiy maqsadi yosh istiqbolli kadrlarni aniqlash, malakasini oshirish, ularni hokimiyat organlariga, davlat va xo‘jalik boshqaruvi hamda partiya tizimiga ishga jalb etish, yosh mutaxassislarning samarali faoliyat yuritishlariga ko‘maklashishga qaratilgan, – deydi O‘zLiDeP Andijon viloyat kengashi Yoshlar va biznes tuzilmalari bilan ishlash bo‘limi mudiri Shuhratbek Bozorov. – Qolaversa, har jihatdan yetuk va salohiyatli yoshlar zaxirasini shakllantirish, ularni rahbarlik vazifalariga tayyorlash va tavsiya etish ko‘zda tutilgan. Bu borada oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik, xususan, bevosita institut bitiruvchilari bilan ishlash ijobiy samara bermoqda.

Davra suhbatida ishtirok etgan O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi deputati Odinaxon Otaxonova mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha jabhalarida istiqbolli islohotlar amalga oshirilayotganligi, shu jumladan, qonun ijodkorligi borasida samarali ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi. Yangi qabul qilinayotgan qonunlar eng avvalo, yurtimiz iqtisodiyotini rivojlantirishga, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirishga, qolaversa, yoshlarni, ayollarni, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishini e’tirof etdi.

Tadbir davomida talabalarning mavzu doirasidagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha taklif, fikr va mulohazalari tinglandi. Ularni qiziqtirgan savollarga partiya viloyat kengashi mas’ullari, Oliy Majlis deputati atroflicha javob qaytardi. Yakunda 10 nafar faol va tashabbuskor talaba partiya kadrlar zaxirasiga olindi.

  • Ko'rildi
    207
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+