Deputat yosh tadbirkor faoliyati bilan tanishdi

28.09.2022, 16:28

Deputat yosh tadbirkor faoliyati bilan tanishdi

Jondor tumani Qozikenti MFYda 3375 nafar aholi bo‘lib, 903 nafarini yoshlar tashkil etadi. Ularning 12 nafari esa “Yoshlar daftari”ga kiritilgan. O’zLiDeP tuman Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari - apparat rahbari, mahalliy Kengash deputati Sh.Boboyev MFYdagi yoshlar bandligining ta’minlanganligi, ularning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun yaratib berilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish, aholi, ayniqsa yoshlar  o‘rtasida O’zLiDeP ning dasturiy maqsad va vazifalarini targ‘ib qilish maqsadida xonadonma-xonadon yurib, mavjud holatni o‘rganib kelmoqda.

Jumladan, MFYning Xosakor qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Elyor Ergashev faoliyati ko‘zdan kechirilganda, bir muncha vaqt ilgari “Yoshlar daftari” ro‘yxatida turgan E.Ergashev MFYdagi hokim yordamchisi hamda partiya mas’ullari sa’y – harakati bilan tuman tijorat banklaridan  ajratilgan 21 mln so‘mlik imtiyozli kredit asosida o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yganligi ma’lum bo‘ldi. Hozirgi kunda bu tadbirkor qo‘ziqorin yetishitirish faoliyati bilan shug‘ullanadi. Ayni kunda E.Ergashev tomonidan qo‘ziqorinning shampinon turini yetishtirish ham yo‘lga qo‘yilib, issiqxonada yana  3 kishining bandligi ham ta’minlandi.

Deputat Sh.Boboyev MFYning Qozikenti qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Shoxrux Shomurodov faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Yosh tadbirkor tuman tijorat bankidan ajratilgan 32 mln so‘mlik imtiyozli kredit asosida parrandachilik faoliyatini boshlab yuborgan. Bugungi kunda Sh.Shomurodov 1000 bosh broller hamda naslli tovuqlarni parvarishlamoqda.

O’rganish davomida tadbirkorlikni boshlamoqchi bo‘lgan hamda o‘z faoliyatini kengaytirish istagida bo‘lgan fuqarolar bilan yuzma-yuz suhbat o‘tkazildi. Ularga o‘z tadbirkorligini  tashkil etish uchun tijorat banklaridan ajratiladigan imtiyozli kreditlarni olish tartibi hamda sohada joriy etilgan boshqa bir qator imtiyoz va imkoniyatlar to‘g‘risida kerakli maslahat va tavsiyalar berildi. Bu esa o‘z navbatida ularning keyinchalik mustaqil ravishda faoliyat olib borishlari imkonini beradi.

  • Ko'rildi
    309
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+