Mamlakatimizda elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirishga e’tibor qaratiladi

28.09.2022, 16:41

Mamlakatimizda elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirishga e’tibor qaratiladi

So‘nggi yillarda mamlakatimizda eletrotexnika sanoatini rivojlantirishda katta e’tibor qaratilmoqda. Sanoatda amalga oshirilayotgan modernizatsiya natijasida elektrotexnika tarmog‘i ham o‘zgardi. Oxirgi besh yilda ishlab chiqarish hajmi 4,5 baravar o‘sgan. Bu mahsulotlarning sifati oshganini, bozori borligini bildiradi.

Shu tufayli eksport ham 5 baravar ko‘paygan. Yil yakunigacha bu ko‘rsatkich 750 million dollardan oshishi kutilmoqda. 2017 yilda bu tarmoqda eksportbop mahsulotlarimiz 25 ta bo‘lgan bo‘lsa, bu yil 200 taga yetgan. Farg‘ona, Samarqand, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlaridagi 11 ta korxona ilk bor tashqi bozorga chiqqan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 sentabr kuni elektrotexnika sanoatidagi ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu sohani yanada rivojlantirish borasida qator vazifalar belgilab berildi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda 1 milliard 200 million dollarlik 205 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Yangi mahsulotlar va ehtiyot qismlarni mahalliylashtirish, 2023 yilda eksport hajmini 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari taqdimot qilingan istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlab, tarmoqdagi ustuvor vazifalarni ko‘rsatib o‘tdi. 

Tahlillarga ko‘ra, jahon bozorlaridagi vaziyat ikki yilda eksportni 1,5 milliard dollarga yetkazish mumkinligini ko‘rsatmoqda. Shuningdek, yurtimizda 1 milliard 300 million dollarlik import bozori bor. Bu imkoniyatlardan munosib ulush olish uchun mahsulot, avvalo, sifatli va taniqli bo‘lishi kerak.

Shu bois Prezidentimiz yangi mahalliy brendlar yaratish va xorijiy brendlarni olib kelish, mahsulotlarni shunga muvofiq sifatli qilib, xaridorlar ishonchini qozonish zarurligini ta’kidladi.

Mamlakatimizda va atrofimizdagi bozorlarda yarim o‘tkazgich va elektron platalarga talab 6 milliard dollarni tashkil etadi. Shu bois bunday korxonalarni ko‘paytirish, elektronika va mikroelektronika yo‘nalishida ilmiy, tajriba-konstruktorlik va startap loyihalarni moliyalashtirish vazifasi belgilandi. Maishiy texnikalarni markirovkalash, eksportni sug‘urtalash va kreditlashni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Maishiy texnika bor ekan, servis xizmatiga talab ham har doim bo‘ladi. Kasb-hunar maktablarida yoshlarni bu yo‘nalishga o‘qitish ularni ish bilan ta’minlashda muhim omil bo‘lishi qayd etildi.

Umuman olganda, maishiy texnika ishlab chiqarishni ko‘paytirish orqali xaridor bop mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, bu orqali yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, pirovardida yangi ish o‘rinlari yaratish muhimdir.  

Hazratqul XO’JAMQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    293
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+