To‘qimachilik klasteri paxtachilikning istiqbolli sohalaridan biri

28.09.2022, 17:02

To‘qimachilik klasteri paxtachilikning istiqbolli sohalaridan biri

Qashqadaryoda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari,  O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda vohada yetishtirilayotgan paxta hosilini qayta ishlash orqali mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish, eksportbop mahsulotlar tayyorlash, nasldor chorva mollari bosh soni ko‘paytirish, sut va go‘sht mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirishda innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanish haqida  so‘z bordi. 

A. Xaitov Koson tumanidagi “Bunyodkor” paxta to‘qimachilik klasteriga qarashli tikuvchilik sexida bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

- Klasterimiz 2018 yil fevral oyida ishga tushgan bo‘lib, tasarrufida 7 ming gektar yer bor, -deydi tadbirkor G’olib Erqulov. - Har yili  20 ming 500 tonna sifatli paxta hosili yetishtiriladi. Tayyorlangan paxtani qayta ishlashga asosiy e’tibor qaratilmoqda. 1 oyda 360-400 tonna ip kalava ishlab chiqaramiz. Yangi ob’ektimiz ishga tushgach, qo‘shimcha yana 400 tonna paxta xom ashyosi tayyorlash imkoni yaratiladi. To‘quv, ip yigiruv va trikotaj bo‘limlari mavjud. Paxta tolasi, ip kalava, xom mato va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaramiz. Bizda Koson tumanida istiqomat qilayotgan bir yarim ming yoshlar mehnat qilishmoqda. Tikuv sexida 300 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlangan bo‘lib,  har yili 100 xil turdagi o‘n million dona erkaklar, ayollar ko‘ylaklari va bolalar kiyimlari tayyorlanmoqda.  

- Serquyosh vohada yetishtirilgan paxta hosilidan tayyorlanayotgan kiyim-kechaklarga xorijlik xaridorlar soni ortib borayotganligi quvonarli, - dedi O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov mehnat jamoasi bilan uchrashuvda. - Ammo trikotaj mahsulotlarimiz faqatgina Rossiya davlatiga eksport qilinayotgan ekan.  Demak dunyo bozorlariga chiqish borasida izlanilmayapti. Bu borada tajribamiz yo‘qligi pand bermoqda. Paxtadan tikilayotgan kiyim-kechaklarimiz Yevropa va Lotin Amerikasining ko‘pgina davlatlarida o‘z xaridorlarini topishiga ishonaman. Tayyor mahsulotni xorijga eksport qilish valyuta tushumini ko‘paytirish orqali yangi-yangi texnologiyalarni keltirish, paxtani qayta ishlash sanoatini zamonaviylashtirish imkonini yaratadi.

  • Ko'rildi
    284
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+