“Ishga marhamat” Monomarkaz faoliyati bilan tanishildi

29.09.2022, 10:06

“Ishga marhamat” Monomarkaz faoliyati bilan tanishildi

A. Xaitov Koson tumanidagi “Ishga marhamat” Monomarkazida ham bo‘lib, o‘quv mashg‘ulotlarida qatnashayotgan yoshlar bilan muloqot qildi.

- Prezidentining 2020 yil 11 avgustdagi “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 5 apreldagi “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish tizimini takomillashtirish hamda mehnat organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlariga asosan tashkil etilgan monomarkazimizda 14 ta yo‘nalishda kasbga tayyorlash, xorijiy tillar, raqamli texnologiyalar va tadbirkorlikni o‘rgatish kurslari tashkil etilgan, - deydi Monomarkaz Koson filiali direktori Shahnoza Mirzayeva. – Har yili servis va xizmat ko‘rsatish, texnik, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalarni va xorijiy tilni o‘rgatish kabi yo‘nalishlarda 700 nafarga yaqin yoshlar o‘qitilmoqda. Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan yuborilgan shaxslar uchun o‘quv mashg‘ulotlari bepul tashkil etilayotir.

Chorvachilik bo‘limida xorijdan keltirilgan nasldor mollarni parvarishlash, kasalliklarga qarshi emlash, sun’iy urug‘lantirish borasida Turkiyadan kelgan tajribali mutaxassis Rufat Vadem tomonidan o‘tilayotgan mashg‘ulotlar mahalliy yoshlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu yerda ikkita guruh tashkil etilgan bo‘lib, viloyatning barcha tumanlaridan kelgan oilaviy tadbirkorlar, chorvachilik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan yoshlar ishtirok etishayapti. Kasbi tumanidan kelgan Qobil Sa’dullayevning ta’kidlashicha, ko‘pchilik tumandoshlari xorijdan nasldor mollarni keltirib, chorvachilik borasidagi bilimlari yetarli bo‘lmagani uchun sarflagan mablag‘lariga kuyib qolishmoqda. Chunki qishloq odamlarida nasldor mollarni parvarishlash borasidagi tajriba mutlaqo yo‘q. Shu bois katta mablag‘ga keltirilgan mollar nobud bo‘lmoqda. Tinglovchilar xorijlik veterinar saboqlari nihoyatda qiziqarli ekanligini, ammo ular faqat darslar  bilan cheklanib qolishayotganligini  ham aytib o‘tishdi.

- Prezidentimizning 2022-yil 28-yanvardagi Farmoni bilan tasdiqlangan “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 198-bandi bilan “Ishga marhamat” monomarkaz huzuridagi “O’quv-maslahat ofis”lariga xorijiy davlatlardan, jumladan, Rossiya, Turkiya, Yaponiya, Koreya, Germaniyadan xorijiy o‘qituvchilarni jalb qilish topshirig‘i berilgan edi, - dedi Aktam Xaitov. -   “Ishga marhamat” monomarkazi Koson filialiga Turkiya davlatidan hayvonlarga veterinarlik ishlov berish operatori yo‘nalishiga xorijiy mutaxassis jalb etilganligi bu boradagi dastlabki qadamdir. Yuqorida ta’kidlangan boshqa davlatlardan ham tajribali mutaxassislarni taklif etish borasida amaliy harakatlarni boshlash vaqti keldi. Chorvachilik bo‘yicha turkiyalik malakali veterinar Rufat Edem tomonidan o‘tilayotgan mashg‘ulotlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otayotganligi yaxshi. Ammo nazariya bilan amaliyot uyg‘unlashtirilmas ekan, chorvachilik borasida sezilarli yutuqlarni qo‘lga kiritish amrimahol. Chorvachilik hamda veterinariya sohasiga qaratilayotgan e’tibor, iqtisodiyotimizni rivojlantirishda, xalqimiz turmush farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

  Spiker o‘rinbosari O’zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari viloyat va tuman kengashlari hamda Koson tuman hokimligi mutasaddilariga monomarkaz tinglovchilarining nasldor mollar boqilayotgan viloyatdagi barcha chorvachilik fermalarida janob Rufat Edem ishtirokida  amaliyot mashg‘ulotlari tashkil etish uchun shart-sharoit yaratish, borib kelish uchun transport vositasi bilan ajratish borasida ko‘rsatmalar berdi. Nafaqat chorvachilik, balki monomarkazdagi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha amaliyot mashg‘ulotlarini yuqori saviyada tashkil etish, ularda vohanining eng bilimdon va tajribali mutaxassislarini jalb etish zarurligi alohida e’tirof etildi.

  • Ko'rildi
    548
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+