Xalq bilan davlat o‘rtasidagi muloqot butunlay yangi darajaga ko‘tarilayotgani yana bir bor o‘z isbotini topdi

29.09.2022, 10:25

Xalq bilan davlat o‘rtasidagi muloqot butunlay yangi darajaga ko‘tarilayotgani yana bir bor o‘z isbotini topdi

Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni yanada jadallashtirish zarurati Konstitutsiya takomillashtirilishini o‘ta dolzarb masala sifatida kun tartibiga chiqardi.

Davlatimiz rahbarining O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan tabrigida Asosiy qonunimizni jamiyatdagi bugungi real voqelikka, shiddatli islohotlarimiz mantig‘iga moslashtirish, Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun mustahkam huquqiy poydevor yaratish muhim vazifaga aylangani aytilib, konstitutsiyaviy islohotlarning yo‘nalishlari ko‘rsatib o‘tilgan edi.

Asosiy qonunimiz yangilanishini fuqarolarimiz, xalqimiz istayotganini, yurtdoshlarimiz Bosh qomus takomillashtirilishiga qaratilgan ko‘plab aniq, asosli takliflarni ilgari surayotganini hammamiz ko‘rib turibmiz. Konstitutsiyani takomillashtirish “Inson qadri uchun”, “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan ezgu g‘oya asosida olib borilayotgani alohida e’tiborga molik. Mamlakatimiz hayoti, kelajagiga daxldor mazkur masala xalq bilan bamaslahat, ochiq-oshkora muhokama qilib borilyapti.

Bosh qomus isloh qilinishida xalq fikriga tayanilmoqda, bildirilgan har bir taklif, mulohaza inobatga olinmoqda. Bu muhim jarayonda O‘zLiDePning barcha darajadagi kengashlari va boshlang‘ich tashkilotlari deputatlar, faollar bilan birga faol ishtirok etdi, targ‘ibot-tashviqot tadbirlarini o‘tkazib, takliflar olish ishlarini amalga oshirdi. Bunday qizg‘in faoliyat nafaqat O‘zLiDeP konstitutsiyaviy islohotlarning tashabbuskorlaridan biri ekanligi bilan, balki Asosiy qonun takomillashtirilishi asosida turuvchi g‘oyalar partiyamizning dasturiy qarashlariga ham ohangligi bilan ham izohlanadi. Shuning uchun ham partiyamiz mazkur masalaga eng ustuvor masalalardan biri sifatida yondashyapti.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasida davlatimiz rahbarining “Yangi O’zbekiston Taraqqiyot strategiyasi” kitobida konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha belgilab berilgan 9 ta yo‘nalish bo‘yicha O’zbekiston Konstitutsiyasini takomillashtirishga oid takliflarni tayyorlash va Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim etish bilan shug‘ullanuvchi ishchi guruhlar tashkil etildi. Har bir hududiy kengash qoshida maxsus targ‘ibot guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Tadbirlar o‘tkazishda asosiy e’tibor turli soha va tarmoqlar qamrab olinishiga qaratildi. Partiya faollari korxonalar, xo‘jaliklar, xizmat ko‘rsatish nuqtalari, davlat va jamoat tashkilotlari, mahallalar, tibbiyot va ta’lim muassasalarida yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar va jamoatchilik vakillari ishtirokida muloqotlar uyushtirdi.

Partiyamiz tuzilmalari, mahalliy kengashlardagi 2 ming 300 ga yaqin deputatimiz, 13 mingdan ziyod boshlang‘ich partiya tashkilotimiz bilan birga Konstitutsiya isloh qilinishiga bag‘ishlangan 7 ming 22 ta tadbir o‘tkazib, ularga 275 mingga yaqin kishi qamrab olinganini qayd etish zarur.

Tadbirlar bir narsani yaqqol ko‘rsatdiki, aholining barcha qatlamlarida Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlar katta qiziqish uyg‘otmoqda. Fuqarolar partiyaning targ‘ibot guruhlari bilan uchrashuvlarda faqat tinglovchi sifatida qatnashmasdan, ko‘plab fikrlarni ham ilgari surgani alohida e’tiborga molik.

Partiya ishchi guruhlariga 5 mingdan ortiq taklif bildirildi. Albatta, aholidan kelib tushgan har bir taklif ortida odamlarni o‘ylantirgan, Konstitutsiyada aks etishini istagan orzu-intilishlari turganini yaxshi anglaymiz. Shu tufayli takliflarning barchasiga nihoyatda diqqat bilan yondashildi. Ularning orasida fikrlar takrorlangan, o‘xshash yondashuvlar bayon qilinganlari ham borligini inobatga olgan holda takliflarning 2 719 tasi Konstitutsiyaviy komissiyaga kiritildi. Shuningdek, korxona, tashkilot va muassasalarning 121 ta jamoaviy murojaati ham taqdim etildi.

Bularning barchasi jamiyatda konstitutsiyaviy islohotlarga qiziqish darajasi yuqoriligidan, o‘z vaqtida boshlangan hamda xalq istaklariga mos yangilanishlar bo‘layotganidan darak beradi. E’tiborlisi, fuqarolar, elektoratimiz mamlakat va jamiyat hayotining deyarli barcha sohalariga taalluqli, yurtimizda kechayotgan o‘zgarishlar va partiyamiz siyosiy pozitsiyasiga hamohang takliflarni ilgari suryaptilar.

Hududlarda o‘tkazilgan uchrashuvlarda aholi vakillari Bosh qomusimizda mualliflar, ixtirochilar, olimlar, muhandislar va rassomlarning ilmiy, texnikaviy ijodi, intellektual mulki qonun bilan yanada qattiqroq qo‘riqlanishi to‘g‘risidagi normani kiritish kerakligi borasida fikrlar bildirishdi.

Buxoro davlat universiteti pedagog xodimlari yuborgan jamoaviy murojaatda Konstitutsiyaning 41-moddasida iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, OTMlarning tadqiqotlar o‘tkazish erkinligi huquqini kafolatlash taklifi ilgari surilgan. Surxondaryo viloyati Termiz shahri va Toshkent viloyatining Parkent tumani tadbirkorlari esa 53-moddada mulk daxlsizligini kafolatlash, iqtisodiy munosabatlarda insofsiz raqobat va monopollashuvga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha normalarni kuchaytirish taklifini yo‘llagan.

Bank bilan munosabatga kirishayotgan mijoz o‘z omonatlari, amalga oshirayotgan bank operatsiyalari haqidagi ma’lumotlarning begonalarga oshkor bo‘lishidan manfaatdor emas, albatta. Konstitutsiyada bank tizimi xizmatidan foydalanuvchi mijoz va bank munosabatlari haqidagi ma’lumotlar maxfiy saqlanishi kerakligi, bank siri muhofaza qilinishini mustahkamlab qo‘yish bo‘yicha elektoratimiz vakillari tomonidan takliflar berildi. Asosiy qonunimizning 36-moddasi ikkinchi qismi “Bank operatsiyalari, omonatlar va hisobvaraqlarning sir tutilishi, shuningdek, meros huquqi qonun bilan kafolatlanishi” tahririda belgilash lozimligi ta’kidlandi.

Mana shu qizg‘in jarayon ichida yurgan, ko‘plab muloqotlarda bevosita qatnashayotgan bir inson sifatida shuni qayd etaman: Konstitutsiyani takomillashtirish bilan bog‘liq tadbirlar keyingi yillardagi tub islohotlar natijasida xalq bilan davlat o‘rtasidagi muloqot butunlay yangi darajaga ko‘tarilganini yana bir bor namoyon etyapti. Takliflar, tashabbuslarning ko‘pligi, xilma-xilligi esa xalqimiz Asosiy qonun takomillashtirilishi zaruratini chuqur anglayotgani va qo‘llab-quvvatlayotganidan dalolat.

Konstitutsiyaviy o‘zgartirishlar bo‘yicha qonun loyihasi xalq vakillarining fikrini inobatga olgan holda referendumga olib chiqilganidan so‘ng partiyamiz mazkur bosqichda ham faol ishtirok etadi. Bu borada harakatlar dasturi qabul qilingan bo‘lib, “O’zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonun talablari asosida ishlab chiqilgan. O‘zLiDePning eng quyi pog‘onasidan tortib, markaziy apparatigacha qamrab olingan maxsus o‘quvlar o‘tkazildi. Konstitutsiyaning yakuniy loyihasini xalq orasida targ‘ib qilish bo‘yicha alohida tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Ishonchimiz komilki, xalq fikrini o‘rganish asosida Konstitutsiyani takomillashtirish yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi sifat darajasiga ko‘tarish, xalqimizning turmush farovonligini yanada oshirish va O’zbekistonning dunyodagi eng ilg‘or davlatlari qatoriga kirishiga ulkan imkoniyatlar yaratadi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    198
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+