Faoliyat samaradorligini oshirish yo‘lida yanada jipslashaylik!

05.10.2022, 16:04

Faoliyat samaradorligini oshirish yo‘lida yanada jipslashaylik!

Bugun yurtimizda kechayotgan keng ko‘lamli islohotlar o‘zani, jahonda sodir bo‘layotgan keskin o‘zgarishlar, yuzaga kelayotgan ziddiyatlar siyosiy partiyalardan faqat o‘z dasturidagi vazifalarni hal etibgina qolmasdan, jamiyat oldida turgan muammolar yechimiga ham alohida yangicha nuqtai nazardan yondashishni talab qilmoqda.

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashining navbatdagi yig‘ilishi ham hududdagi partiya tashkilotlari faoliyati samaradorligini yanada oshirish maqsadida tashkil etildi.

Unda O’zLiDeP Siyosiy Kengashi ijroiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri Baxtiyor Ruhitdinov, partiya viloyat Kengashi raisi To‘lqinjon Fayziyev, mas’ul xodimlar va partiya tuman va shahar Kengashlari raislarining birinchi o‘rinbosarlari – apparat rahbarlari ishtirok etishdi.

Yig‘ilishda so‘z olgan Baxtiyor Ruhitdinov partiya tashkilotlari va quyi bo‘g‘inlarining samaradorligini oshirishga qaratilgan qator tavsiya va uslubiy ko‘rsatmalarni berib o‘tdi.

Xususan, partiya a’zolari bilan ishlash, joylarda targ‘ibot tadbirlarini tashkil etishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar, aholi muammolarini o‘rganish va bunda deputatlar bilan tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish, BPTlari faoliyatini tashkillashtirish va ularni uslubiy qo‘llanma va dasturiy targ‘ibot materiallari bilan ta’minlab borish, mahalliy partiya tashkilotlari ishini muvofiqlashtirish borasidagi o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyatiga tashrifi doirasida xalq deputatlari viloyat Kengashining sessiyasida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida bergan ko‘rsatma topshiriqlari ijrosini tizimli bajarish haqida alohida to‘xtaldi.

Partiya viloyat Kengashi raisi To‘lqinjon Fayziyev esa bugun yurtimizda fuqarolik jamiyatining muhim instituti bo‘lgan siyosiy partiyalarning jamiyat hayotida tutgan o‘rni borasida to‘xtaldi. Jamiyat oldidagi har qanday muammoni O’zLiDeP ning dasturi bilan bog‘lash mumkinligini e’tirof etdi. Xalqning fikri, uni qiynab turgan muammolarni o‘rganish, joyida tizimli bataraf etishda xalq vakillari bo‘lgan partiya deputatlari hamda mas’ullarining o‘rni beqiyos bo‘layotganini ta’kidladi. Shuning barobarida, bugungi zamon oldimizga har bir partiya xodimidan o‘z ishiga yangicha uslubda yondashish talabini qo‘yayotganini qayd etdi.

Bugun partiya tizimida faoliyat olib borayotgan yoki shu yo‘nalishda ishlashni maqsad qilgan har bir kishi o‘z oldiga xalqni rozi qilish ishiga vijdonan kirishishi lozimligini uqtirdi.

Yig‘ilish so‘ngida, unda ko‘tarilgan masalalar atroflicha muhokama qilinib, ular yuzasidan tegishli qarorlar ishlab chiqildi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi

bo‘lim mudiri

Teglar
Ishchi guruh
  • Ko'rildi
    107
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+