Gurlanda mahallalarda tomorqachilikni rivojlantirish bo‘yicha seminar tashkil qilindi

11.10.2022, 09:35

Gurlanda mahallalarda tomorqachilikni rivojlantirish bo‘yicha seminar tashkil qilindi

Saxovatli zaminimiz bor. Yurtimiz iqlimi ham dehqonchilik uchun g‘oyatda qulay. Har bir qarich yerdan yil davomida bir necha marotaba hosil olish mumkin. Xususan, kunlar soviy boshlaydigan kech kuzda to‘qsonbosti ekinlari ekish mumkin. Shu boisdan, dalalarimizda asosiy va takroriy ekinlar hosili yig‘ib olingan shu kunlarda bobodehqonlarimiz to‘qsonbosti ekinlar ekishni boshlab yuborishdi.

E’tiborlisi, dehqonchilikning to‘qsonbosti usuli yaxshigina daromad manbai bo‘lish bilan birga, aholining ertaki sabzavot mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish imkonini beradi. Natijada qish va bahor oylarida ham bozorlarimiz to‘kin-sochin, narx-navo barqaror bo‘ladi.

Gurlan tumanida tashkil etilgan seminar ham ayni shu mavzuda bo‘ldi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Sipikeri o‘rinbosari, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov Gurlan tumanida bo‘lib, “Paxtachi” mahallasidagi namunali tomorqachilar va mahallardagi hokim yordamchilari bilan muloqot o‘tkazdi. Mahalladagi Raxmonboy Shomuratovning tomorqasida tashkil etilgan seminar davomida “Bir mahalla - bir mahsulot” tamoyili asosida mazkur tomorqachining tajribasini ommalashtirish, ismaloq va sarimsoqpiyoz yetishtirishga ixtisoslashgan mahallaga aylantirish va yerda yiliga 3-4 marotaba hosil olishni o‘rgatish kabi muhim jihatlarga e’tibor qaratildi.

Ma’lumot o‘rnida aytganda Gurlan tumanida 21836 ta aholi uy tomorqalari mavjud bo‘lib, bu esa 1399 gektar yerni tashkil qiladi. Joriy yilda 889 gektar xonadon uy tomorqalariga to‘qsonbosti usulida piyoz, sarimsoqpiyoz va kuzgi bulg‘or qalampiri kabi poliz ekinlari ekildi. Yildan yilga aholining uy va dala tomorqalaridan yuqori hosil olish ko‘nikmalari yuksalib bormoqda.

2015 yilda o‘zining 12 sotix tomorqasida issiqxona tashkil etib, tomorqachilikni yo‘lga qo‘ygan R.Shamuratov bugungi kunda yiliga 4 martadan hosil olishga erishdi. Qo‘shimcha 2 sotixlik dala tomorqasida issiqxona tashkil etib, pomidor, bodring, sarimsoqpiyoz, piyoz, ismaloq kabi sabzavot ekinlaridan yiliga 50-60 million so‘mgacha daromad olmoqda.

Spiker o‘rinbosari tomorqachi faoliyati bilan tanisharkan, mahallalardagi aholini uy tomorqalaridan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish, tomorqachi tajribasini ommalashtirish va aholining tomorqachilik borasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ustoz shogirt an’analari asosida bu kabi namunali tomorqachilarga 20 ta yoshlar va ayollarni biriktirish lozimligini ta’kidladi. Bunda hokim yordamchilari har bir mahallada kamida 5 tadan tomorqachilikka va issiqxonachilikka qiziquvchi fuqarolarni to‘g‘ri yo‘naltirishi va ularning o‘z faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashishi zarurligi e’tirof etildi.

R.Shamuratov nafaqat tomorqadan unimli foydalanmoqda balki qo‘ychilikni rivojlantirish bo‘yicha ham anchagina ishlarni yo‘lga qo‘ygan. Mazkur yo‘nalishda ham yaxshigina daromad topish mumkinligi xususida seminar ishtirokchilari bilan fikr almashdi.

Tadbirkorning kelgusidagi rejalari ham katta, ya’ni oltiariq uslubida issiqxona qoshida uzumzor tashkil etish va mahsulotlarni saqlash bo‘yicha muzlatgich qurish niyatida ekanligini aytdi. Bu borada partiya rahbari tomorqachiga amaliy yordam ko‘rsatishini bildirdi. Kengash huzuridagi jamg‘armadan imtiyozli kreditlar ajratilib, faoliyatni tashkil qilish va vodiy tajribasini o‘rganish uchun ko‘mak beriladigan bo‘ldi.

Xulosa o‘rnida aytganda, mamlakatimiz dehqonlari nafaqat quyoshli kunlarda, balki yilning eng sovuq va noqulay ob-havo sharoitida ham mahsulot yetishtirish orqali bozorlarimizning to‘kin-sochinligini ta’minlashga, eksport hajmini ko‘paytirib, qo‘shimcha daromad olishga erishmoqda.

Nasiba Vaisova,

O’zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi Jamoatchilik bilan aloqalar

va mafkuraviy targ‘ibot bo‘limi mudiri

  • Ko'rildi
    692
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+