Qarisi bor uyning parisi bor

12.10.2022, 10:07

Qarisi bor uyning parisi bor

Keksalari bor xonadonda quvonch, fayz-baraka, xotirjamlik hukm suradi. Yoshi ulug‘larga ehtirom, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish esa necha ming yillardan buyon yashab kelayotgan boqiy qadriyatlarimizdan hisoblanadi.
Davlatimiz tomonidan ham keksalar e’zozlanib, g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 27 sentyabrdagi “Keksa avlod vakillarining jamiyatdagi o‘rni va ijtimoiy faolligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan joriy yilning 3-9 oktyabr kunlari “Keksalar haftaligi” deb e’lon qilindi va barcha hududlarda turli tadbirlar tashkil etilib, nuroniylar holidan xabar olindi.

Ushbu haftalik doirasida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi Navoiy viloyat hududiy partiya tashkiloti Faxriylar kengashi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyat bo‘limi tomonidan keksa avlod vakillariga e’tiborni kuchaytirish, ularning turmush sharoitini yaxshilash maqsadida nuroniylar xonadonlariga borildi.
Karmana tumani, “O‘zbekiston” mahallasida yashovchi Murodali bobo Norov 82 yoshda. Murodali bobo 47 yillik mehnat faoliyati davomida Navoiy qurilish boshqarmasi avtobazasida haydovchi, tashkilot boshlang‘ich Kasaba uyushmasi raisi o‘rinbosari, bir necha yillar davomida qishloq xo‘jaligi sohasida mas’ul lavozimlarda xizmat qilib, nafaqaga chiqqan.

– Sportning kurash turi bilan shug‘ullanganman, – deydi Murodali bobo Norov. – Garchi hozir 82 yoshda bo‘lsam-da, o‘zimni tetik sezaman. Bu ham sportning foydasi. Har kuni ertalab piyoda yurishni kanda qilmayman. Yoshlarga ham nabiralarimga ham sport bilan shug‘ullanishlarini aytaman.

Karmana tumanidagi “Arg‘un” mahallasida istiqomat qiluvchi 85 yoshni qarshilagan faxriy o‘qituvchi Himmatullo ota Rahmatov, Navoiy shahridagi “Yangiariq” mahallasida istiqomat qiluvchi 89 yoshli Abri bobo Rahmatovning ham holidan xabar olindi.

Ular bilan dildan suhbat qurilib, yoshlik yillari voqealari yodga olindi, otaxonlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

Keksalarga ko‘rsatilayotgan hurmat va ehtirom, ular salomatligini asrash va hayotiy tajribalaridan unumli foydalanish kelajagimiz egalari bo‘lmish yoshlarning ertangi kuni yanada porloq bo‘lishiga xizmat qiladi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA

  • Ko'rildi
    13166
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+