Shahrisabz tumanida ishsizlik qachon kamayadi?

13.10.2022, 10:19

Shahrisabz tumanida ishsizlik qachon kamayadi?

Xalq deputatlari Shahrisabz tuman kengashidagi O’zLiDeP deputatlik guruhi yig‘ilishida tuman Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi direktori Zayniddin Xalilovning hisoboti eshitildi.  Hisobotda ta’kidlanishicha, tumanda 226283 nafar aholi istiqomat qiladi. Mehnat resurslari umumiy soni 119054 nafar bo‘lib, iqtisodiy  faol  aholi  89290  nafar, jami band bo‘lganlar esa 8517 nafarni tashkil etadi.  Shundan 80773 nafari  iqtisodiyotning  rasmiy, 11166  nafari  norasmiy  tarmoklarda ish bilan ta’minlangan. 11167 nafar fuqaro ish izlab, hududdan boshqa joylarga chiqib ketgan. 11766 nafar kishi esa mutlaqo ishsiz.

 Markaz tomonidan aholini ish bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida birmuncha ishlar qilingan. Xususan, investitsiya, sanoat, xizmatlar ko‘rsatish, servis sohasini rivojlantirish, qurilish sanoati, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, moliyaviy jihatdan nochor korxonalarni xususiylashtirish va sog‘lomlashtirish dasturlari, tijorat banklari tomonidan moliyalashtirilishi nazarda tutilgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik loyihalari hamda kasanachilik, hunarmandchilik hamda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari hisobiga 2022 yilda 1824 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etilgan. Markazga murojaat etgan 6166 nafar fuqarodan 1134 nafari ish bilan ta’minlangan.

 Ro‘yxatga olingan fuqarolarning 458 nafari kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash kurslariga yuborildi va  282 nafariga belgilangan tartibda ishsizlik nafaqasi tayinlanib, 746 nafari  haq to‘lanadigan jamoat ishlariga yuborilgan. 109 nafar fuqaroga subsidiyalar ajratilgan, 16 ta issiqxona, 28 ta nasos qurilmalari, 30 ta asbob-uskuna uchun jami 299 mln. so‘m ajratilgan. Jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilgan 20 nafar  fuqarodan 14 nafari  ishga joylashtirilgan. Tashkil etilgan 11 ta bo‘sh ish  o‘rinlari yarmarkasida  1463 nafar fuqaro ishtirok etgan bo‘lib, 171 nafari doimiy ishga joylashtirilgan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni ishga joylashtirish rejasi 48 foizga bajarilgan, xolos.

Yig‘ilishda deputatlardan Arslon Uzoqov, Ne’mat Turdiyev, Nargiza Mamatova va boshqalar so‘zga chiqib, tumanda aholi bandligini ta’minlashda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanilmayotganligi bois ish izlab xorijga chiqib ketayotgan fuqarolar, mardikor bozorlaridagi ishsizlar soni oy sayin ortib borayotganligi, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, tomorqa xo‘jaligidan samarali foydalanish, mahalliy ishlab  chiqarishni rivojlantirish, turizm salohiyatini oshirish borasidagi ishlar talabga javob bermasligini aytib o‘tishdi.

- Tumanimizning tog‘oldi go‘shalarida chiqqan kishi, maftun bo‘lib, ortga qaytolmay qoladi,-deydi deputat Arslon Uzoqov. – Prezidentimizning “O’zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostidagi ichki turizmni rivojlantirish borasidagi ko‘rsatmalari ijrosini ta’minlash vaqti keldi. Dunyoning sanoqli arxeologik shaharlari ro‘yxatidan o‘rin olgan Shahrisabzdagi me’moriy obidalarni ko‘rmoq istagida bo‘lgan sayyohlar dunyoning istalgan mamlakatida topiladi. Ularni jalb etish borasidagi ishlarimiz esa mutlaqo talabga javob bermaydi. Tumanimizning turizm salohiyatini rivojlantirish orqali minglab ish o‘rinlari yaratsa bo‘ladi. Bu mavjud yuzdan bir imkoniyatdir. Qachonki ulardan  samarali foydalanmas ekanmiz, ishsizlikka barham berib bo‘lmaydi. 

 Yig‘ilishda tumanning ichki imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda ishsizlikni tugatish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.  

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi

Matbuot xizmati.

 

 

  • Ko'rildi
    396
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+