Tibbiyot tizimidagi islohotlar – inson qadri uchun

27.10.2022, 15:06

Tibbiyot tizimidagi islohotlar – inson qadri uchun

O’tgan 5-6 yilda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasini tubdan takomillashtirish, xalqimizga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom avlod tarbiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, bajarilayotgan ishlar ko‘lami yanada ortib bormoqda. Eng muhimi, bugun yurtimiz tibbiyotidagi ijobiy o‘zgarish va yangilanishlarni har bir fuqaro o‘z hayotida, turmush tarzida chuqur his etmoqda. 

Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida barpo etilgan yangi xirurgiya majmuasini ko‘zdan kechirdi. Shu yerda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, joriy yil 18 mart kuni davlatimiz rahbari tibbiyot xodimlari bilan “ochiq muloqot” o‘tkazgan edi. Ushbu yig‘ilish ham o‘sha muloqotning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, joriy yilda yangi 106 ta oilaviy shifokor punkti va poliklinika, mingta mahalla tibbiyot punkti tashkil etildi. Bu orqali 3,5 million aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Shu bilan birga ilg‘or xorijiy tajribalar asosida, aholining kafolatlangan bepul tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyoj balansi ishlab chiqildi. “Tibbiyot brigadalari”ga qo‘shimcha 3 ming 600 ta pediatriya hamshirasi va doya shtatlari ajratildi.

Oilaviy shifokorlar tomonidan bepul tarqatiladigan dorilar 45 turdan 70 turga yetkazildi. Bunga ajratilayotgan mablag‘lar hajmi esa o‘tgan yilga nisbatan 3 baravar oshirildi. Shuningdek, 820 ta birlamchi tibbiyot muassasasiga tashxis uskunalari yetkazib berildi.

Oilaviy poliklinikalarda 19 mingdan ziyod kunduzgi shifo o‘rinlari tashkil etildi. Buning natijasida 740 ming aholiga shifoxonaga bormasdan, mahallaning o‘zida davolanish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, 10 milliondan ziyod 40 yoshdan oshgan aholining 70 foizi kardiologik va qandli diabet kasalligini erta bosqichda aniqlash bo‘yicha skrining tekshiruvidan o‘tkazildi. Yuqori texnologik operatsiyaga muhtoj 16 ming bemordan 3 ming 200 nafari viloyat va tumanlarning o‘zida davolandi.

Shu o‘rinda tibbiyot xodimlari oyligi 30 foizgacha oshirilganligi, shifokorlarga ish samaradorligi va natijasiga qarab tabaqalashtirilgan rag‘batlantirish va ustama to‘lovlari joriy etilganligini alohida e’tirof etish joizdir.

Davlatimiz rahbari yig‘ilish davomida ushbu boshlangan ishlarni tizimli davom ettirish, sohadagi ba’zi muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, eng chekka hududlargacha aholiga sifatli tibbiy xizmatni yo‘lga qo‘yish, shifoxonolarni yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlash, shifokorlarga barcha shart-sharoitlar yaratib berish, hududlarda yaxshi natija qilgan shifokor va markaz rahbarlarini rag‘batlantirib borish borasida aniq vazifalarni belgilab berdi.

Umuman olganda tibbiyot tizimida olib borilayotgan islohotlar xalqimizni bugunidan rozi qilish, ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashdek ezgu maqsadga xizmat qilayotir.

Mavluda IBRAGIMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    865
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+