O’zbekiston “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” formatidagi ochiq, tizimli va sermahsul muloqot tarafdori

28.10.2022, 15:02

O’zbekiston “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” formatidagi ochiq, tizimli va sermahsul muloqot tarafdori

Mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obru e’tibori tobora yuksalib borayotgani va bu iqtisodiyotimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi hamda yurtimiz istiqboliga xizmat qilayotgani bilan alohida ahamiyatga ega. Binobarin, Ostona shahrida o‘tkazilgan birinchi "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" sammitida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning ishtirok etishi va o‘z nutqida mintaqamiz va Yevropa Ittifoqi hamkorligining savdo-iqtisodiy yo‘nalishiga to‘xtalib, mamlakatlarimiz «GSP+» imtiyozli savdo tizimiga qo‘shilganidan so‘ng joriy yilning boshidan buyon yuqori qo‘shilgan qiymatli o‘zbek mahsulotlarining eksporti qariyb ikki barobar oshganini qayd etgani ham so‘zimizga yaqqol misol bo‘la oladi.

O’zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Yevropa kengashi Prezidentlari hamda Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari ishtirok etgan mazkur sammitda Prezidentimiz mazkur formatga amaliy hamkorlikni ilgari surish, ishonch, sheriklik va o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash uchun zarur bo‘lgan muhim muloqot maydoni sifatida qarashini alohida e’tirof etdi.

Ammo tan olish kerak, umumiy raqamlar mavjud ulkan imkoniyatlarga mos emas, ya’ni Yevropa bozorlarida tayyor, xomashyo bo‘lmagan tovarlar nomenklaturasi bilan munosib raqobat qilib bo‘lmaydi. Buning uchun  sanoat mahsulotlarining Yevropaning yuqori standartlari va texnik reglamentlariga muvofiqligini ta’minlash, YeI bozorlariga chiqish uchun eng maqbul samarali transport-logistika koridorlarini yaratish, eng avvalo, Transkaspiy multimodal marshrutini rivojlantirish hamda yevropalik iste’molchilar o‘rtasida Markaziy Osiyo mamlakatlari mahsulotlarining tanilishi va xaridorgir bo‘lishi uchun qo‘shma marketing tadqiqotlari hamda maqsadli tadbir va aksiyalar o‘tkazish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bu borada Prezidentimiz Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” Iqtisodiy hamkorlik qo‘mitasini ta’sis etishni taklifini ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari  Yevropa Ittifoqini "yashil" taraqqiyot sohasidagi hamkorlikni faollashtirishga, bunda alohida e’tiborni eko-innovatsiyalar, energiya samarador va resurs tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, «Smart-AKIS» Yevropa tarmog‘i yordamida «aqlli» qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratishga chaqirdi.

Ma’lumki, shu yil noyabr oyining ikkinchi yarmida Parijning Luvr muzeyida mintaqamiz xalqlarining madaniyatiga bag‘ishlangan yirik ko‘rgazma tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bunday tadbirlarni har yili Yevropa davlatlarining poytaxtlarida va madaniyat markazlarida hamkorlikda o‘tkazib borish muhimligi aytib o‘tildi. Eng quvonarlisi esa  davlatimiz yetakchisi mamlakatlarimiz barqaror taraqqiyoti, ravnaq va farovonligi yo‘lida “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi” formatidagi ochiq, tizimli va sermahsul muloqot tarafdori ekanini ta’kidlab o‘tdi.

Men aminmanki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan oqilona tashqi siyosat Yangi O’zbekistonni dunyo bilan yaqinlashtiradi, jahon iqtisodiyoti bilan barqarorlashishga va provardida rivojlangan mamlakatlar safida tilga olinishga zamin yaratadi.

Hazratqul Xo‘jamqulov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

  • Ko'rildi
    353
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+