Deputatlar va tadbirkorlar muloqotida qilingan murojaatlar nazoratga olindi

31.10.2022, 12:17

Deputatlar va tadbirkorlar muloqotida qilingan murojaatlar nazoratga olindi

O'zLiDeP Jizzax shahar Kengashi tomonidan “Deputatlar va tadbirkorlar muloqoti” forumi loyihasi doirasidagi navbatdagi tadbir tashkil etildi.

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Feruza Nigmatova, xalq deputatlari viloyat, shahar Kengashlaridagi O'zLiDeP deputatlik guruhi azolari, hamkor tashkilotlar vakillari, kichik biznes vakillari, yakka tartibdagi va oilaviy tadbirkorlar, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish ishtiyoqida bo‘lgan yoshlar va xotin-qizlar ishtirok etdilar.

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiynayotgan ko‘plab muammoli masalalar yuzasidan to‘g‘ridan - to‘g‘ri deputatlarga va hamkor tashkilot vakillariga murojaat qilish imkoniga ega bo‘lishdi.

 Jumladan, “Yangi diyor” non ishlab chiqarish sexi rahbari Ravshan Kamolov, yosh tadbirkorlar qanday imtiyozlarga ega ekanligi to‘g‘risida savol bilan murojaat qildi. Ushbu savol ko‘pchilikni qiziqtirgani uchun, Adliya, soliq, bank idoralaridan taklif qilingan hamkor tashkilotlar vakillari ushbu mavzuga batafsil to‘xtalib o‘tdilar.

 “Zahro Med Shifo” tibbiy klinikasi rahbari Bahor Zuhurova esa chetdan asbob-uskunalar olib kelish maqsadida bankdan kreditlar olish masalasida yordam so‘radi. Uning bu murojaati atroflicha o‘rganib chiqiladigan va unga amaliy yordam ko‘rsatiladigan bo‘ldi.

Umuman, olganda uchrashuv davomida 4 nafardan ortiq tadbirkorlarning murojaati tinglandi. Ularning aksariyatiga huquqiy tushunchalar berilgan bo‘lsa, yechimi vaqt talab qilinadigan murojaatlar deputatlar nazoratiga olindi.

Abdukarim Isaxonov,

O'zLiDeP Jizzax viloyat Kengashi apparat rahbari

  • Ko'rildi
    258
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+