Yangilangan Mehnat kodeksiga bir qator yangi normalar kiritildi

01.11.2022, 12:21

Yangilangan Mehnat kodeksiga bir qator yangi normalar kiritildi

Yangi O’zbekistonni barpo qilish yo‘lida olib borilayotgan islohotlar har bir sohada yangilanishlarni, yangi imkoniyatdan foydalanishni, ayniqsa, mehnat va mehnat munosabatlarini qonun doirasida amalga oshirishni taqozo etadi. Shu ma’noda aytish joizki, amaldagi Mehnat kodeksi 1995 yilda qabul qilingan bo‘lib, bugungi shiddatli zamon talablariga to‘la mos kelmaydi. Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan imzolanib, Yangi qabul qilingan va 6 oydan so‘ng kuchga kiradigan Mehnat kodeksi esa fuqarolarning mehnatga jalb etishning yangi shakllarini nazarda tutadi.

Xususan, yangi Kodeksda mehnat va u bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning asosiy tamoyillari ya’ni xodimlar mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va kasb-hunar sohasida kamsitishlarga yo‘l qo‘ymaslik, mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash, mehnat sohasida ijtimoiy sheriklik hamda mehnat huquqini ta’minlash va mehnat majburiyatlarini bajarish kafolati, xodimning huquqiy holatini yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmaslik kabi holatlarga katta e’tibor qaratilgan.

Yana shuni alohida qayd etishni istar edimki, hujjatda O’zbekistonning “Elektron hukumat” tizimiga kiruvchi Yagona milliy mehnat tizimida barcha tuzilgan mehnat shartnomalarini (va ularga kiritilgan o‘zgartirishlarni) majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha talablar belgilanmoqda. Muddatli mehnat shartnomasini tuzish asoslari sezilarli darajada kengaytirilmoqda. Muddatli mehnat shartnomasi muddati bir martalik uzaytirish huquqi bilan 5 yildan 3 yilgacha qisqartirilgan.

Bundan tashqari iqtisodiy sabablarga ko‘ra mehnat shartnomasini o‘zgartirish va bekor qilishning soddalashtirilgan tartiblari joriy etilmoqda, mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari soddalashtirilmoqda. “Xodimning pensiya yoshiga yetganligi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish” asosi chiqarib tashlanmoqda. Xodimni boshqa ish beruvchiga xizmat safariga yuborish tartibi belgilanmoqda, bu esa doimiy ish joyidagi mehnat shartnomasining amal qilishini to‘xtatib turishni va xodim ishga yuborilgan tashkilot bilan muddatli shartnoma tuzishni nazarda tutadi.

Yana bir o‘tkir muammolardan sanalgan ya’ni ishdan bo‘shatish nafaqasini ish beruvchida ishlagan ish stajiga qarab differensiatsiyalashgan miqdori belgilangani ham bugungi kun atlabiga to‘la mos keladi. Ayniqsa, dam olish kunini davlat bayramlari (ishlanmaydigan bayram kunlari) kunlariga to‘g‘ri kelgan taqdirda ko‘chirish qoidasi amalga kiritilyotgani, mehnat ta’tilining minimal davomiyligi kalendar kunlarda (15 ish kuni o‘rniga 21 kalendar kuni) etib, hisoblanayotgani ham yangi Mehnat kodeksining inson qadri uchun tamoyillariga mosligidan dalolat beradi.

Aytmoqchimanki, bugungi globallashuv jarayonlari shiddat bilan davom etayotgan zamonda yurtimizda mehnat qilish va mehnat munosabatlarining oqilona yo‘lga qo‘yilishida yangi Mehnat kodeksining ahamiyati nihoyatda kattadir.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O`zLiDeP fraksiyasi rahbari.

  • Ko'rildi
    620
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+