Tadbirkor ayolning nafaqat oilasiga, jamiyatga ham katta nafi tegadi

03.11.2022, 16:47

Tadbirkor ayolning nafaqat oilasiga, jamiyatga ham katta nafi tegadi

O’zLiDeP Siyosiy kengashining “Ayollar qanoti” Sergeli tuman bo‘limi tomonidan “Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish – xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini belgilashning muhim omili” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulshana Xudoyorova  davlatimiz tomonidan tadbirkor xotin-qizlarga berilayotgan imkoniyatlar, xotin-qizlarning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama ko‘maklashish, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirishga qaratilgan chora- tadbirlar xususida to‘xtalib o‘tdi. Bu borada qabul qilinayotgan qaror hamda farmonlar to‘g‘risida yig‘ilganlarga tushunchalar berdi.  

Partiyaning “Bunyodkor ayollar” loyihasi doirasida ham turli mahorat darslari olib borilayotgani, biznesini boshlamoqchi bo‘lgan ayollarga yo‘nalish, imkoniyat va ko‘mak berilayotgani mazkur sohada ayollar ulushi ortib borishiga zamin yaratadi. Tadbirkor ayol nafaqat o‘z oilasiga, jamiyatga ham katta nafi tegadi.  

– Korxonamizda 200 dan ortiq ishchi o‘rinlari yaratilgan, – deydi “KING GARMENT TEXTILE” MChJ korxonasi rahbari Gulruh Xudoyberdiyeva. – Ishlab chiqarilgan mahsulotlarimiz asosan Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya va Yevropa bozorlariga eksport qilinadi. Joriy yil boshidan bugungi kungacha 1 900 000 AQSh dollaridan ziyod tayyor to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilindi. Shuningdek,  import o‘rnini bosuvchi tikuv uchun ip va turli mahsulotlar ham ishlab chiqarilmoqda.  

Korxona rahbarining ta’kidlashicha, ishlab chiqarishni kengaytirib, ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash uchun  kelgusida qiymati 1 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan poliestirli ip ishlab chiqarishni amalga oshirish bo‘yicha ishlar boshlangan.  

Xitoydagi hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Ushbu muzokaralar natijasida 500 ming AQSh dollaridan ziyod to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritish rejalashtirilmoqda. Loyiha amalga oshishi hisobiga yana qo‘shimcha 100 dan ortiq yangi ishchi o‘rinlari yaratiladi.  

Tadbir so‘ngida “KING GARMENT TEXTILE” MChJ korxonasining  faoliyati bilan tanishildi. U yerda ayollarga berilayotgan imkoniyatlar, sharoitlar bilan yaqindan tanishib, ularni qiynayotgan masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi. Faol xotin-qizlardan bir guruhi partiya safiga qabul qilindi.  

  • Ko'rildi
    348
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+