Issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirishning yangi mexanizmi joriy etilmoqda

04.11.2022, 09:20

Issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirishning yangi mexanizmi joriy etilmoqda

Bozorlarimizni yil bo‘yi sabzavot va poliz mahsulotlari bilan to‘kin qilishda issiqxonalarning ahamiyati beqiyos. Ayniqsa, ayozli kuz va qirchillama qish paytida vitaminga boy, yangi uzilgan sabzavotlarni tanavvul qilishga ne yetsin. Bundan tashqari issiqxonalar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda katta ahamiyatga ega. Ammo tan olish kerak, issiqxona xo‘jaligini jadal rivojlantirish va samarali foydalanishda yuzaga kelayotgan talay muammolar mavjud. Qish paytida issiqxonalarni isitishda gaz ta’minotida nomutonosibliklar yuzaga kelmoqda.

Mazkur o‘tkir muammolarni bartaraf etish hamda issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirishning yangi mexanizmlarini yaratishda Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 2 noyabrida qabul qilingan  “Issiqxona xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim o‘rin egallashi tabiiy.  

Chunki mazkur qarorda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, issiqxona xo‘jaliklari va muzlatkichli omborxonalarning iqtisodiy jihatdan samarali ishlashi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, mazkur sohada band bo‘lgan aholi daromadlarini oshirishni qo‘shimcha rag‘batlantirish masalalariga e’tibor qaratilgan. Xususan, bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tomonidan issiqxona xo‘jaliklariga urug‘, ko‘chat, mineral o‘g‘it va boshqa moddiy resurslarni yetkazib berish va yetishtirilgan mahsulotni ulardan xarid qilish belgilangan.

Bundan tashqari mas’ul vazirliklar va viloyatlar hokimliklari taklifiga ko‘ra, xalqaro moliya institutlari, maqsadli jamg‘armalar hamda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan issiqxona xo‘jaliklari va muzlatkichli omborxonalar uchun ajratilgan milliy va xorijiy valyutadagi kreditlarni qaytarish muddatlarini umumiy hisobda 14 yil etib belgilash va imtiyozli davrini 3 yildan 5 yilgacha uzaytirish qayd etilgani muhim yangilik hisoblanadi. Bunda, Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan avval taqdim qilingan kafillik va kredit foizlari kompensatsiyalari saqlanib qolinishi ham juda ko‘ngildagi ish bo‘ldi.

Yana bir qulaylik shundan iboratki, issiqxona xo‘jaliklarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlash uchun tijorat banklari tomonidan bir yil muddatga olti oylik imtiyozli davr bilan kredit ajratish belgilandi.

Bugun issiqxona xo‘jaligi rahbarlarini qiynab kelayotgan o‘tkir muammolardan biriga ham shu qarorda yechim topish mumkin. Ya’ni issiqxona xo‘jaliklariga tabiiy gaz bo‘yicha to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaganlik uchun penya summasi 2022 yil 1 oktyabrdan 2023 yil 1 aprelgacha, istisno tariqasida, hisoblanmaydi. Shuningdek, qarorda issiqxona xo‘jaliklari uchun tijorat banklariga kredit va ularning foizini qaytarish muddati qat’iy ravishda mahsulotning pishib-etilishi davriga moslashtirilishi belgilangani ham qo‘shimcha imtiyozlar yaratadi.

Modomiki, gap issiqxonalar haqida ketar ekan, yurtimizdagi barcha issiqxonalar ishlab tursa va unda qishin-yozin sarxil mahsulotlar yetishtirilsa, bu mamlakatimiz iqtisodiyotini yuksaltirish, xalqimiz farovonligini ta’minlash hamda yangi ish o‘rinlari ochishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan mazkur qaror orqali issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirishning yangi mexanizmni joriy etishda biz deputatlar ham bosh-qosh bo‘lishimiz lozim. Zotan, elu yurt ma’murchiligi va mamlakat istiqbolini yaratishda har birimiz mas’ulmiz.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    266
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+