Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda

04.11.2022, 16:10

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda

Prezidentimizning 2022 yil 28 oktyabrdagi “O’zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonuni asosida tasdiqlangan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyati turli tashkilotlar, muassasalar, oliy ta’lim dargohlarida, tadbirkorlik sub’ektlarida targ‘ibot qilinmoqda.

Guliston Davlat universitetining majlislar zalida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, olimlar va soha mutaxassislari ishtirokida yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Ushbu seminarda so‘z olgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spiker o‘rinbosari, O’zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov mazkur yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyati haqida tushuncha berib o‘tdi.

Qayd etish lozim, so‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida barcha sohalar qatori mehnat munosabatlari tizimida ham sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi. Sohaga institutsional, tashkiliy-huquqiy, qonunchilik, norma ijodkorligi hamda xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli tizimli ishlar olib borildi.

Seminarda Mehnatkodeks loyihasini ishlab chiqish chog‘ida 10 dan ortiq xalqaro tashkilot, jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining qator konvensiyalari, 60 dan ziyod davlat tajribasi o‘rganilgani, Kodeks loyihasi Qonunchilik palatasida 1 yil davomida juda chuqur tahlil etilib, maromiga yetkazilgani qayd etildi.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining hajmi amaldagisiga nisbatan deyarli 3 barobar katta bo‘lib, 600 ga yaqin moddani o‘z ichiga olgan. Hujjatda bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi normalar qo‘shildi.

Yangi kodeksdagi normalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashida, hayotda samarali tatbiq etilishida mehnat bozori ishtirokchilari, ishchi-xodimlar, ish beruvchilar, ish izlovchilar hamda vakolatli tashkilot va idoralar mas’ullariga Hujjatdagi moddalarning mazmun-mohiyatini sodda, aniq va to‘g‘ri tushuntirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Mehnat bozorining kelajakdagi rivoji uchun xizmat qiladigan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi mamlakatimizda ijtimoiy soha va iqtisodiyotni rivojlantirish, jumladan, investitsiya muhitini yaxshilash borasida mamlakatimiz mehnat qonunchiligini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi.

Mazkur kodeks istiqbolda kichik biznes sub’ektlari va yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanadigan aholi mehnatini huquqiy tartibga solishga imkon beradi. Rasmiy va norasmiy tarmoqda mavsumiy ish bilan band bo‘lganlarning mehnat huquqlarini tartibga solishdagi bo‘shliqlar va qarama-qarshiliklarni bartaraf etadi. Mehnat munosabatlarida korrupsiya xavfi kamayib, “Yagona milliy mehnat tizimi” raqamlashtiriladi.

Gender tenglik, neytrallik tamoyillari, imkoniyati cheklangan shaxslar, norezidentlarning mehnat qilish huquqi ta’minlanadi. Ish beruvchilarning mehnat bozoridagi yangi mehnat turlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi, mehnat shartnomasi turlari kengaytiriladi va norasmiy tarmoqlarda ishlovchilarni legallashtirishga erishiladi.

Seminarda ishtirokchilarning ham fikr-mulohazalari tinglandi.

  • Ko'rildi
    638
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+