Deputat tashabbusi: “Sayrob” mahallasiga toza ichimlik suvi keltirildi hamda ko‘prik qurib berilmoqda

04.11.2022, 16:16

Deputat tashabbusi: “Sayrob” mahallasiga toza ichimlik suvi keltirildi hamda ko‘prik qurib berilmoqda

Boysun tumanidan saylangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Hazratqul Xo‘jamqulov har oyda saylovchilar bilan uchrashib, ularning dardu-tashvishlarini tinglab keladi. Aholi muammolarini imkon qadar yechimini topishga harakat qiladi.

Xalq vakiliga Boysun tumanidagi “Sayrob” mahallasiga toza ichimlik suvi va ko‘prik qurib berilishi borasida saylovchilar murojaat qilgan edi. Ushbu masalani tuman mutasaddilari bilan obdan o‘rganib, yechimini topishga kirishildi.

Deputat Hazratqul Xo‘jamqulovning tashabbusi va tuman hokimi A. Jo‘rayevning ko‘magi natijasida “Sayrob” mahallasi aholisini ichimlik suviga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida 7 km suv quvuri tortilib aholi ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Endilikda ushbu qishloqning 1000 nafarga yaqin aholisi ichimlik suvidan bahramand bo‘ladi.

Shuningdek, ushbu mahallaning Obgir qishlog‘i hududidagi Parchasoy ustida ko‘prik qurilishi ham amalga oshirilmoqda. Yaqin kunlarda ushbu ko‘prik qurilishi ham o‘z nihoyasiga yetkaziladi.

Deputat va tuman mutasaddi rahbarlari ushbu ishlarni joyiga borgan holda o‘rgandi. Tuman hokimining qurilish ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, tuman kadastr bo‘limi, elektr tarmoqlari korxonasi, obodonlashtirish boshqarmasi, tuman ekologiya bo‘limi rahbarlariga kamchilik va muammolarni qisqa muddatlarda hal etish borasida ko‘rsatmalar berib o‘tildi.

Shu bilan birga deputat va tuman hokimligi ushbu mahalla hududidagi “Obgir” qabristonini obodonlashtirish ishlari bilan ham tanishdi. U yerdagi daraxtlar va buta gullarni sug‘orish maqsadida hashar yo‘li bilan 20 tonnalik hovuz qurish uchun tegishli qurilish materiallari yetkazib berildi. Hozirda ushbu qabristonda obodonlashtirish va qurilish ishlari davom etmoqda.

Xalq vakilidan fuqarolar mamnun bo‘lishmoqda.

  • Ko'rildi
    497
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+