Yangi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyati korxona ishchi xodimlariga tushuntirib o‘tildi

04.11.2022, 16:45

Yangi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyati korxona ishchi xodimlariga tushuntirib o‘tildi

Xabaringiz bor, O’zbekiston Respublikasining yangi Mehnat kodeksi tasdiqlandi. Kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan kodeks fuqarolarning mehnatga jalb etishning yangi shakllarini nazarda tutadi.

Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari turli tashkilotlar, muassasalar, korxona va tadbirkorlik sub’ektlarida yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil qilyapti.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov, Senatorlar, Qonunchilik palatasi deputatlari Sirdaryo viloyatida targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazdi.

Deputatlar “Mili tekstil Sirdaryo” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib, yangilangan Mehnat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish haqida korxona ishchi xodimlariga batafsil ma’lumotlar berildi.

Ta’kidlanganidek, amaldagi kodeksda ayrim toifadagi xodimlarning mehnatini tartibga solishning o‘ziga xos xususiyatlari aks etmagan. Xususan, kasanachilar, jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchida mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi ishchilar, shuningdek, YaTTda yollanma asosida ishlovchilar, o‘rindoshlar, vaqtinchalik va mavsumiy ishchilar, smenali ishchilar, masofaviy ishchilar huquq va manfaatlari belgilanmagan.

Yangi tahrirda kuchga kiradigan kodeks hajmi amaldagiga nisbatan deyarli 3 barobar katta bo‘lib, 600 ga yaqin moddani o‘z ichiga olgan. Unga bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqini himoya qilish, mehnat nizolarini ko‘rib chiqishni nazarda tutuvchi normalar qo‘shildi.

Muloqotdan so‘ng deputatlar mazkur korxona faoliyati bilan yaqin tanishdilar. Hozirda ushbu korxonada 400 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Korxona 33 million AQSh dollari, shundan 16 million 500 ming AQSh dollari “Milliy bank” kredit mablag‘lari hisobiga barpo etildi. MChJ qoshida 5 ta sex bo‘lib, ishchi-xizmatchilar paxta titish, paxtani butlash, piliklash, kalava ipni halqalash va yigirish hamda ipni o‘rash sexlarida faoliyat olib borishmoqda. Bu yerga o‘rnatilgan eng zamonaviy uskunalar Germaniyaning “Trusler” kompaniyasida ishlab chiqarilgan. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bugungi kunda Xitoy hamda Turkiya davlatlariga eksport qilinmoqda.

Bugungi kunda mazkur korxona qoshida partiyaning boshlang‘ich tashkiloti faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, partiya targ‘ibotida faollik ko‘rsatib kelmoqda.

  • Ko'rildi
    547
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+