Qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi oqilona va to‘g‘ri kurashish kerak

09.11.2022, 11:19

Qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi oqilona va to‘g‘ri kurashish kerak

Tabiat faqat odamzoddan iborat emas. Biz bilan yonma-yon hayvonot va nabotot olami ham hayot kechiradi. Shu o‘rinda o‘simliklar dunyosiga xavf soladigan viruslar, turli zararkunanda mikroorganizm va hasharotlar borligini, qishloq xo‘jaligi ekinlari doim bu zararkunandalar hujumi ostida yashashini ta’kidlash o‘rinli. Shuni hisobga olsak, o‘simliklarni himoya qilish qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning kafolati deyish sira mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bugun Yer yuzida global iqlim o‘zgarishi kuzatilmoqda. Sayyoramizdagi o‘rtacha harorat o‘tgan o‘ttiz yilda bir daraja oshdi. Hasharot va zararkunandalarning yangi turlari paydo bo‘ldi. Bu juda katta muammo. Deylik, O’zbekistonda qish ilgarigidek sovuq bo‘lmayapti. Bahor erta boshlanayotgani tufayli o‘simliklar uyg‘onguncha uxlab yotadigan hasharotlar ularning uyg‘onishini kutib, oziqlanishga tayyor turibdi. O’simlik hali o‘zini o‘nglamasidan turib, hasharotlar unga chang solyapti va ekinlarga katta zarar keltirmoqda...

Keling, shu vaziyatga boshqacha nazar bilan qaraylik. Hasharotlar ham biologik tur sifatida yashashi va ko‘payishi kerak. Masalan, paxtani terib olganimizdan keyin g‘o‘zapoyasi olib ketiladi. Yerga gumus sepilmaydi. Natijada tuproqdagi ko‘zga ko‘rinmas mikroorganizmlar och qoladi. Shuning uchun ham ular bahorda unib chiqqan o‘simlikni yeyishga tayyor turadi. Deyarli barcha tuproq mikroorganizmlari “saprofit organizmlar”, ya’ni chirindixo‘rlar guruhiga mansub. Ulardagi bu xususiyatning foydali tomonlari ham bor, albatta. Lekin yerda chiriydigan narsaning o‘zi qolmasa, ular oziqlanishga qiynaladi.

Hozir ko‘p joylarda g‘o‘zapoyaning ko‘r-ko‘rona maydalanib, dalaga sepilishi natijasida zararkunanda keng tarqalmoqda. Agar tuproqda “o‘lik” chirindi yetarli bo‘lsa, zararkunandalar qish bo‘yi shular bilan oziqlanadi va ekinlarga bu qadar tajovuzkor hujum qilmaydi. Dala maydonlariga sepiladigan o‘g‘it, bir tomondan, o‘simliklarga ozuqa bo‘lsa, ikkinchi tomondan, turli tuproq zararkunandalarini ham ozuqa bilan ta’minlaydi. Natijada yaxshi o‘g‘itlangan va zararkunanda hujumiga uchramagan dala yuqori hosil beradi.

Yer kurrasi shunday mukammal va murakkab ekotizimki, unda yirik va mayda hayvonlar, o‘simliklar qatori hasharot va bakteriyalarning ham o‘z o‘rni bor. Biror hasharot yoki zararkunandani butkul yo‘qotishga urinish, ularga qarshi kurash agrotexnologiyalariga rioya qilmaslik zararkunandalarning kurashuvchanligini oshiradi.

Avvallari beda qandalasi asosan bog‘lar orasidagi bedazorda uchrardi. Hozir bu zararkunanda g‘o‘zaga katta zarar yetkazyapti. Sababi, beda qandalasi oziqlanib, nasl qoldirishi uchun sharoit o‘zgardi. Endi u yangi ozuqa manbaiga o‘ta boshladi. Zararkunandalarning bir ekin turidan ikkinchisiga tez o‘tayotgani zamirida ham global isish davrida kuzatilayotgan qurg‘oqchilik, zararkunandalarga qarshi keskin kurashishda ularning biologiyasi bilan hisoblashmaslik kabi omillar yotibdi.

Jahon ahli koronavirus bilan yashashni o‘rgangani kabi zararkunandalar bilan yashashni ham o‘rganishi kerak. Buning uchun insoniyat nafaqat o‘zi uchun ozuqa yaratish, balki bu jarayonda atrofdagi tirik hayotni buzmaslik haqida ham o‘ylashi zarur. Ana shunda ekologik muvozanat buzilishining oldi olinadi.

Dunyo miqyosida “qopqon” agrotexnologiyalari ishlab chiqilayotgani bejiz emas. Bu jarayonda dalada zararkunandalar oziqlanishi uchun ataylab maxsus hududlar barpo etiladi. Shu bilan katta iqtisodiy samaraga erishiladi. Aksincha, hasharotlarga qarshi kimyoviy kurash olib borish ularning yo‘qolishiga emas, balki yanada chidamli turlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Demak, ularning tabiiy arealini saqlab qolish, ekologik muvozanatni ta’minlashga qaratilgan agrotizim yaratish O’zbekiston qishloq xo‘jaligi va yashil iqtisodiyoti uchun o‘ta muhim.

Yana bir muammo – global isish tufayli kunduzgi va tungi harorat o‘rtasidagi farq  haddan ziyod qisqarib ketdi. Ya’ni me’yor buzilgan.   Ilgari kunduzi 50 daraja issiq bo‘lsa ham kechasi harorat 19-20 darajaga tushardi. Shuning uchun gullarning changlanishi oson kechardi. Hozir esa o‘simlik gullaydi, lekin gullari changlanmagani uchun meva tugmaydi. Dalalarga chiqsangiz, bu holatga  guvoh bo‘lasiz. Masalan, g‘o‘zaning birinchi gullagani ko‘sak tukkan, qolganlari esa gulligicha turibdi. Chunki hozir kunduzi O’zbekistonda tuproq 40-45 darajagacha qizisa, kechalari harorati 35 darajadan pasaymayapti.

Orol dengizi quridi. Muzliklar eridi. Bir necha o‘n yillar avval aynan shu tog‘lardagi muzliklardan sovuq havo oqimi kelib, tungi havoni sovitardi. Hozir esa garmsel odatiy iqlim sharoitiga aylandi. Shuning uchun hosildorlik kamaygan. Vaziyatni to‘g‘rilashning yagona yo‘li — issiqqa chidamli o‘simliklar navini yaratish va yuqori haroratda hosil tugishi uchun ekinlarga yangi avlod biostimuyatorlari bilan yordam berish.

Global iqlim o‘zgarishiga sabab bo‘layotgan yana bir katta muammo — havoda karbonat angidrid gazi ko‘payishi va “issiqxona effekti” natijasida o‘simliklarni himoyalash, o‘g‘itlash va gulning changlanib meva tugishidagi murakkabliklarning yuzaga kelishi. Aslida karbonat angidridning havoda ko‘payishi o‘simliklar uchun ayni muddao. Ular bu gaz bilan oziqlanadi, lekin u haddan ziyod ko‘paysa, o‘simliklar gullashiga teskari ta’sir qiladi. Tayyor ozuqa turganda o‘simliklarning gullash sur’ati keskin pasayadi. Olimlarning fikricha, keyingi yuz yilda havoda karbonat angidrid miqdorining oshishi tufayli o‘simliklar to‘la gullamay qolyapti.

Shuning uchun dunyo iqtisodiyoti va oziq-ovqat xavfsizligi havodagi karbonat angidrid miqdorini kamaytiruvchi yashil texnologiyalarni rivojlantirish bilan chambarchas bog‘liq. Bug‘doy va g‘o‘za insoniyatga havodagi karbonat angidridni kamaytirishda yordam beradigan oltita o‘simlik qatorida qayd etilyapti. Bu ekinlar yurtimizdagi asosiy maydonlarga ekilishini inobatga olsak, O’zbekiston dunyo yashil iqtisodiyotiga katta ulush qo‘shishi mumkinligini tasavvur qilish qiyin emas.

Bir so‘z bilan aytganda, qishloq xo‘jaligida hosildorlikni oshirish, zararkunandalarga qarshi kurashish uchun mavjud iqlimiy vaziyatdan kelib chiqib, masalaga ilmiy yondashish talab etiladi. Shundagina qishloq xo‘jaligidan yuqori hosil olish va sohaning iqtisodiyotdagi o‘rnini mustahkamlash mumkin bo‘ladi.

Shozafar Shoahmedov,

“ECO VIRIN AGRO” MChJ direktori

  • Ko'rildi
    702
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+