O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

09.11.2022, 12:35

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 8 noyabr kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O’zLiDeP Siyosiy Kengashining XI majlisini chaqirish hamda partiya faoliyatinining bir qator tashkiliy jihatlari bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

Birinchi masala muhokamasidan keyin partiya Siyosiy Kengashining navbatdagi majlisini 2022 yil 14 noyabr kuni Toshkent shahrida chaqirish bo‘yicha qaror qabul qilindi, uning kun tartibiga kiritiladigan masalalar ko‘rib chiqildi.

Ijroqo‘m yig‘ilishida shuningdek O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi faollari va partiya deputatik korpusi vakillarining odob-ahloq qoidalariga rioya etishi masalasi ham keng muhokama qilindi.

Bunday muhokamaga o‘tgan haftada O’zLiDePning sobiq a’zosi, xalq deputatlari Qamashi tuman kengashi deputati Nurtoyev Panji Norboyevich tomonidan yo‘l qo‘yilgan va keng jamoatchilikning salbiy munosabatiga sabab bo‘lgan nojo‘ya xatti-harakatlari sabab bo‘ldi.

So‘zga chiqqanlar partiya safiga kirishga, u tomonidan deputatlikka nomzodi ko‘rsatilishiga rozi bo‘lgan har bir shaxs shu qarori bilan o‘z zimmasiga juda katta mas’uliyatni ham olishini va butun keyingi faoliyati davomida zimmasidagi mas’uliyat yukini his qilgan holda harakat qilishi lozimligini ta’kidlab o‘tishdi. Chunki, endilikda uning har bir xatti -harakati tufayli nafaqat uning o‘ziga, balki vakili bo‘lgan siyosiy partiyaga ham baho berilishi aytib o‘tildi. Vaholanki, o‘z xatti-harakati bilan siyosiy partiya nomiga dog‘ tushirishga partiya a’zolarining ham, undan nomzodi ko‘rsatilgan deputatlarning ham haqqi yo‘qligi ta’kidlandi.

Bunday mas’uliyat ayniqsa, O’zLiDeP partiyasi faollari, shu partiyadan saylangan deputatlar uchun yanada yuqori ekanligi, demak har bir partiya faolining qilayotgan ishi, gapirayotgan gapi mana shu mas’uliyatga mos bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish ishtirokchilari ushbu qoidalarning barchasi “O’zLiDeP faoliyaning odob-ahloq kodeksi”da aks etganligi, unda belgilangan normalar orasida partiya faollari va deputatlik korpusi vakillari tomonidan partiya nomiga dog‘ tushirishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik, o‘z faoliyatida qonunga zid bo‘lgan usullarni qo‘llamaslik, turli bayonotlar, fikrlar bildirilishida keyinchalik ushbu fikrlar u vakili bo‘lgan partiya nomiga bog‘lab talqin kilinishini chuqur anglagan  holda asossiz, jamiyatda qabul qilingan ahloq normalariga zid fikrlar bildirish, bayonotlar qilishdan o‘zini tiyish kabi holatlar ham o‘z aksini topganligi eslatib o‘tildi.

P.Nurtoyev ishtirokida ro‘y bergan holat boshqa takrorlanmasligi uchun hududiy kengashlarda partiya faollari va deputatlar ishtirokida ushbu holatni keng muhokama qilish, partiya faollarining odob-ahloq kodeksida belgilangan qoidalarni tushuntirish ishlarini kengaytirish borasida tizimli faoliyatni yo‘lga qo‘yish borasida kelishib olindi.

Bu ishlarda partiya xududiy kengashlari rahbarlarining mas’uliyatini yanada oshirish muhimligi ta’kidlandi.

Ijroiya Qo‘mitasi a’zolari takliflari asosida partiyaning barcha hududiy kengashlari qoshida odob-ahloq komissiyasini tuzishga kelishib olindi.

Muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

O’zLiDeP matbuot xizmati

  • Ko'rildi
    381
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+