O'zLiDeP 19 yoshda: Xalq ishonchini qozonish osonmas

11.11.2022, 16:24

O'zLiDeP 19 yoshda: Xalq ishonchini qozonish osonmas

O’sha kezlari partiya tuzish tashabbusi bilan chiqqan ishchi guruh tarkibiga shaxsan mening nomzodim ham kiritilganidan hamon o‘zgacha faxru iftixon tuyaman. Qolaversa, 2008 yildan beri maslakdoshlarim menga yuksak ishonch bildirib, partiyaning viloyat kengashi raisi vazifasiga loyiq ko‘rishgani alohida mas’uliyat va javobgarlik yuklaydi.

Ana shu o‘tgan unutilmas yillar davomida bu siyosiy kuch faoliyatida qatnashar ekanman, uning bosqichma-bosqich shakllanib, ayniqsa xalq orasida nufuzi ortib borayotganini bevosita kuzatib kelyapman. Aslida ham shunday. 19 yosh, inson umriga qiyosan olgandayam, eng navqiron, g‘ayratga to‘lgan damlar hisoblanadi. Bu safda ko‘plab maslakdoshlar do‘stlar bilan hamfikr, hamrohlikda faoliyat olib bordik. O’zbekiston Qahramonlari – Parda Ziyotov, Anorboy Eshmatov, Paxtakor tumanidagi taniqli fermer Muhammad Suvonqulov, faxriylarimizdan Norqul Nishonov va boshqa yana o‘nlab, yuzlab fidoyi insonlar biz bilan bir safda turib xizmat qilib kelishyapti.

Eng quvonchlisi, bugungi kunda yonimizda ko‘plab yosh avlod vakillarining kamarbasta bo‘layotgani, o‘zlari bilan yangicha fikr, dunyoqarash, siyosiy tafakkur olib kelishayotganidan mamnunmiz. Misol uchun, dastlab viloyat partiya tashkiloti tarkibida 1 052 nafardan iborat maslakdoshni birlashtirgan 24 ta boshlang‘ich partiya tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, hozirda quyi bo‘g‘in faollari soni 85 672 nafarni, boshlang‘ich partiya tashkilotlari soni esa 914 tani tashkil etmoqda.

So‘nggi olti yilda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirishga berilayotgan yuqori e’tibor sabab, partiya saylovoldi dasturida ilgari surilgan maqsad va vazifalarni qo‘llab-quvvatlaydigan yurtdoshlarimiz soni keskin oshdi. Olti yilda partiya safi 40 549 nafar maslakdoshlarimiz bilan ham sifat, ham son jihatdan o‘sdi.

Har qanday siyosiy elitaning mavqeini, obro‘sini belgilab beradigan jarayon – bu saylovlardir. O’tgan vaqtda partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzodlar besh marta O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lib o‘tgan saylovlarda ishtirok etib, g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi.

Bu holatni mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovlar jarayonida ham kuzatish mumkin. Dastlabki saylovlarda xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) kengashlariga partiyadan 72 nafar deputat saylangan bo‘lsa, bugungi kunda xalq deputatlari mahalliy kengashlarida jami 146 nafar O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari faoliyat olib borishmoqda. Ularning 26 nafari xalq deputatlari viloyat kengashining deputatlari hisoblanadi.

Amaliy harakatlar partiyasi sifatida nom qozongan O‘zLiDeP mustaqilligimizni, mamlakatimiz iqtisodiyotini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shdi. Xalq orasida katta siyosiy obro‘ va mavqega ega bo‘ldi. Ayni paytda, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasi va uning “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha tuzilgan partiya ishchi guruhlari tomonidan anchagina zalvorli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ma’lumki, yettita ustivor yo‘nalish va 100 ta maqsaddan iborat bo‘lgan Taraqqiyot strategiyasining barcha yo‘nalishlarida aholi farovonligi, inson qadrini ulug‘lash g‘oyasi o‘z ifodasini topgan. Ushbu g‘oyalarni hayotga joriy etishda kamarbastalik qilish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, mahalliy kengash deputatlari, partiya xodimlaridan iborat 21 ta, shuningdek, 14 ta hududiy partiya tashkilotlarida ishchi guruhlar tuzilgan. Jumladan, Jizzax viloyat kengashida ham.

 Agar partiyaning bosib o‘tgan tarixan qisqa, mazmunan boy yo‘liga nazar solsak, O‘zLiDePni bejiz amaliy harakatlar partiyasi deya tan olinmasligi ayon bo‘ladi. Birgina, kengashimiz tomonidan joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar ham fikrimiz isboti. Qayd etilgan vaqtda mahalliy kengash deputatlari tomonidan jami 840 dan ortiq deputatlik so‘rovlari chiqarilgani, 96 ga yaqin mutasaddi shaxs hisoboti tinglangani, mahalliy kengash sessiyalariga jami 53 ta masala kiritilganiga guvoh bo‘lamiz. Aholi tomonidan qilingan 268 ta murojaatning aksar qismi o‘z yechimini topgan bo‘lsa, yechimi vaqt talab qilinadigan 57 ta murojaat deputatlik nazoratiga olingan.

 Bu shunchaki quruq raqamlar emas. Uning zamirida Prezidentimiz olib borayotgan xalqparvar siyosatni bir tanu bir jon bo‘lib qo‘llab-quvvatlayotgan, sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilgan islohotlar samarasining har bir mahalla, xonadon, har bir inson hayotida o‘z aksini topishiga astoydil harakat qilayotgan minglab maslakdoshlarimizning sa’y-harakati, fidoyiligi yotibdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Eng muhimi, qo‘lga kiritilayotgan bu muvaffaqiyatlar bizni xotirjamlikka undamaydi. Aksincha, yillar davomida orttirilgan siyosiy tajriba, har biri mazmun va mohiyatga to‘la o‘tgan yillar, qo‘lga kiritilgan yutuq va muvaffaqiyatlar salmog‘i Yangi O’zbekistonning mustahkam poydevori qo‘yilayotgan bugungi kunda, albatta qo‘l kelishi, barchamizni yangi marralar sari chorlashi shubhasiz.

Erkin XOLMATOV,

 O‘zLiDeP Jizzax viloyat kengashi raisi,

Xalq deputatlari Jizzax viloyat kengashidagi

 O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari

  • Ko'rildi
    277
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+