O'zLiDeP 19 yoshda: Saodatli kunlar shukronasi

11.11.2022, 16:29

O'zLiDeP 19 yoshda: Saodatli kunlar shukronasi

O‘zLiDeP tashkil etilgan dastlabki kunlardanoq dasturiy maqsadlarini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilib kelayotgan oddiy bir faol sifatida Vatanni jondek sevish, el koriga yarash, yurtni gullab-yashnatishdek ezgu vazifalar bilan mashg‘ul ekanimdan baxtiyorman. Tadbirlarda qatnashayotgan keksa-yoshning ko‘zlarida ilohiy bir nur ko‘raman. Bu qisqa davrda amalga oshirilgan olamshumul yangilanishlardan, ozod va farovon turmushdan rozilik saodatli kunlar, baxtiyorlikning shukronasidir.

Yangilanayotgan O’zbekistonimiz barqaror sur’atlar bilan rivojlanib borayotgani, qo‘lga kiritgan ulkan natijalarimizni butun dunyo tan olayotgani, mamlakatimizning xalqaro maydonda obro‘-e’tibori ortib, munosib o‘rin egallayotgani, bu yutuqlarning asosiy omili va mezonini birinchi navbatda xalqimizning siyosiy ongi va tafakkuri o‘zgarib, fuqarolik faolligi tobora kuchayib borayotganidadir. Darhaqiqat, elimizning tinchligi va osoyishtaligi, hayotdan roziligi, ertangi kunga ishonchini mustahkamlash borasida ulug‘vor ishlar amalga oshirilayotir. Buni ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlar, amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabati, daxldorlik hissi tobora o‘sib berayotganida ko‘rishimiz mumkin.

O’tgan 19 yil mobaynida, masalan, bizning tumanimizda partiyamiz deputatlari va faollari tomonidan aholi bandligi va farovonligini oshirish, yosh avlod kamoloti, hudud iqtisodiyotini yuksaltirish borasida amalga oshirilgan ishlarni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Xususan, xalq deputatlari tuman kengashi sessiyasiga masala kiritganimizdan so‘ng, tuman markazidagi qarovsiz bo‘lib yotgan 2 ta Bolalar istirohat bog‘i kapital rekonstruksiya qilinib, jihozlantirildi va foydalanishga topshirildi.

Deputatlik guruhimiz tomonidan yoshlarni ish bilan ta’minlash uchun yangi sanoat korxonalarini ishga tushirish, ko‘chalarni ta’mirlash va obodonlashtirish, ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, xotin-qizlar va yoshlar sportini rivojlantirish borasidagi qator masalalar ham kiritilib, ijrosi yuzasidan qarorlar qabul qilindi. Partiyadoshlarimiz tashabbusi bilan “Muborakteks” paypoq fabrikasi ishga tushirildi. Unda 200 nafar yosh uchun yangi ish o‘rni yaratildi.

Lalmikor dehqonchilikni rivojlantirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, atrof-muhit musaffoligini ta’minlash maqsadida suvsizlikka chidamli daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish va cho‘l hududlarida saksovulzorlarni ko‘paytirish, tadbirkorlikni rivojlantirishda muqobil energiya ishlab chiqarishni ko‘paytirish borasida ishlab chiqilgan dastur asosida ishlayapmiz. G’oyaviy-siyosiy, targ‘ibot ishlarining samarasi tufayli tumanimizda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik yil sayin kamayib bormoqda.

Tumanimizda 77 ta boshlang‘ich partiya tashkiloti mavjud bo‘lib, ularda 6 993 nafar partiya a’zolari qamrab olingan. Deputatlik guruhimiz tashabbusi bilan bir paytlar “Muborak issiqlik elektr markazi” AJdan chiqadigan issiq suvlar bilan isitiladigan issiqxonalar qurish taklifi tuman kengashi sessiyasiga olib chiqilgan edi. Shundan so‘ng Muborak GQIZ va jamiyat o‘rtasidagi tashlandiq maydonlarda issiqxonalar tashkil etish boshlab yuborildi. Hozirda 100 dan ortiq issiqxona ishga tushirilgan va 141 kishi ish bilan ta’minlangan. Kam yoqilg‘i sarflaydigan, zamonaviy va tejamkor texnologiyalar o‘rnatib, energiyadan unumli foydalanishni yo‘lga qo‘yish borasida izlanayapmiz. Muborak tumani cho‘l hududida joylashgani bois oqova suv taqchilligi yoz oylarida ko‘p kuzatiladi. Bu yil dehqonlar oqova suv yetishmasligidan ko‘p aziyat chekishdi. Shu bois tumanda qishloq xo‘jalik ekinlari yetishtirishda tomchilatib sug‘orish uskunalarini keltirish va o‘rnatish borasidagi ishlarni nazorat qilishni noiblarimiz o‘z zimmalariga olishdi. Bu borada yosh tadbirkor va fermerlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratyapmiz. Ishsizlikni kamaytirish, aholi daromadlarini oshirish borasida qator loyihalarni amaliyotga tatbiq etish tashabbusi bilan chiqqanmiz.

Fursatdan foydalanib, barchangizni partiyamiz tashkil etilganining 19 yillik bayrami bilan tabriklayman.

Panji JALILOV,

O‘zLiDeP Muborak tuman kengashi raisi, deputat

  • Ko'rildi
    248
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+